Farg‘ona viloyatining Quvasoy shaxrida milliy qorabayir naslli otlarni ko‘paytirish va boqishga mo‘ljallangan “Vodiy tulporlari” zamonaviy majmuasi faoliyatiga start berildi. Bu yerda asosan harbiylar va “Vatanparvar” tizimi xodimlari uchun otlar tayyorlanadi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Z. Mirzayev va Farg‘ona viloyati xokimi Sh. G‘aniyev ishtirok etishdi. O‘zbekiston Respublikasi yilqichilik va ot sporti federatsiyasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

“Vodiy tulporlari” majmuasi 2,5 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda zamonaviy drenaj tizimiga ega ochiq va yopiq manejlar, sollyariy barcha kerakli jihozlar bilan ta'minlangan. Maydon Navoiy viloyatidan keltirilgan kvars qumi bilan qoplangan. Shunday ekan, majmua nafaqat milliy, balki halqaro darajadagi musobaqalarni tashkil qilishni istagan mehmonlarni ham qabul qila oladi.


Uch otxonaning biri yosh yilqilar uchun mo‘ljallangan, bu yerda otlarni sifatli parvarish qilish uchun barcha qulayliklar mavjud. Og‘ilxonadagi sug‘orgich, oxur va boshqa barcha jihozlar xorijiy mamlakatlardan keltirilgan. Sport o‘yinlari uchun to‘siqlar mamlakat korxonalari tomonidan halqaro standartlarga munosib ravishda ishlab chiqarilgan. Jonivorlarning majmua hududida qulay sharoitda bo‘lishi uchun bu yerda maxsus basseyn va qumli ot yo‘rttirgich bor, bu bo‘lajak “harbiy otlar”ga doimo yaxshi ko‘rinishda qolishga ko‘maklashadi.



















