“O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabr kunidagi 2015-XII-soni bilan tasdiqlagan, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik haqidagi Kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin:

1) 128-modda birinchi qismidagi «128-3,128-5,128-6 va 130-moddalarida» degan so‘zlar «128-3-moddasi, 128-4-modda birinchi qismi, 128-5, 128-6 va 130-moddalarida» degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

2) 128-4-moddasi quyidagi tahrirda bayon etiladi: 

«128-4-modda. Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi yoki kirishi»

Svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan to‘xtash chizig‘iga kirish, – eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi, — eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlik ikki marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.».

3) 135-modda birinchi qismi dispozitsiyasidagi «litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi» degan so‘zlardan so‘ng «yuridik shaxslar avtotransport vositalari haydovchilarining malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikati» degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi;