Qozog‘iston Senati Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Darig‘a Nazarboyeva Osiyo "shengeni"ni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Tengrinews shu haqida xabar berdi.
Qozog‘istonlik senatorlar Sariyog‘ochda O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, chet el investitsiyalari va turizm masalalari qo‘mitasi deputatlari bilan uchrashishdi.
Uchrashuv doirasida Darig‘a Nazarboyeva O‘zbekiston va Qozog‘istonda turizmning rivojlanishi haqida so‘z yuritdi.
"Bir-birimizni yaxshi bilishimiz va ishonishimiz uchun turistik salohiyatni rivojlantirish juda muhim. Biz ikki mamlakat turizmini rag‘batlantirish, shuningdek bu yerlarga yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrifini rag‘batlantirish zarurligi haqida gapirgan edik. Ular Markaziy Osiyoga kelishganida biryo‘la barcha mamlakatlar va bu yerlardagi diqqatga sazovor joylarni ko‘rgisi keladi. Yevropalik va Osiyo janubi-sharqidagi sayyohlar uchun Markaziy Osiyo yaqin manzil emas. Shuning uchun ular uzoq masofalarni bosib o‘tganga yarasha bir sayohatda bir o‘yla barchasini ko‘rish istagi paydo bo‘ladi, buning uchun esa umumiy vizani yo‘lga qo‘yish kerak", - dedi Nazarboyeva.
"Biz bu Osiyo "shengeni" bo‘lishi, uni Silk-viza deb atash mumkinligi haqida gaplashgan edik", - deya ta'kidladi u. Deputat mamlakatlar turistik yo‘nalishlarni birga targ‘ib qilishi mumkin deb hisoblaydi.
"Samarqand, Xiva va Buxoroni ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz, deya olmaymiz. Men Samarqand va Toshkentda bo‘lganman, biroq boshqa shaharlarda hali bo‘lmaganman", - deydi Nazarboyeva.
Ta'kidlash joizki, shu yilning mart oyida sobiq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, ayni damda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov KUN.UZ'ga Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz "Ipak yo‘li" tizimini joriy qilish rejalashtirilayotgani, sayyohlarning qadimiy Ipak yo‘liga bo‘lgan qiziqishi juda katta ekani haqida ma'lum qilgandi.


















