07:51 / 06.06.2018
31647

Sayyohlardan pora talab qilgan tojik militsionerlari ishdan haydaldi

Foto: Videodan kadr

Tojikiston IIV ruminiyalik sayyohlar bilan yuz bergan hodisani o‘rganmoqda, ulardan tojik DAN xodimlari pul talab qilgan. Pora berish holati videoga olingan. Bu haqda AP xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, ruminiyalik sayyoh Mixay Sika DAN xodimlarining navbatdagi qurboniga aylandi. U bu voqea haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumot bergan.

Mixay Sika va uning do‘sti o‘tgan yilning iyulida mototsikllarda Pomirga safar qilishgan. 2017 yilning 28 iyul kuni, Dushanbega qaytishda, Ko‘lobga kiraverishda xorijiy baykerlarni DAN yo‘l patruli to‘xtatgan.

Hammasi qanday yuz bergani ruminiyalik sayyoh tomonidan e'lon qilingan videoda ko‘rsatildi. Unda ingliz tilini bilmaydigan inspektor mehmonlar YHQni buzganini imo-ishoralar bilan ko‘rsatayotgani tasvirlangan.

Turistning iddao etishicha, militsioner ulardan 500 somoniy talab qilgan, biroq keyin 200ga ko‘ngan. Mixay pullarni militsioner mashinasining o‘rindig‘iga qo‘ygan.

Videoda ruminiyalik sayyohning DAN xodimiga pul berganini ko‘rish mumkin. Ayni damda ushbu holat Tojikiston IIV tomonidan surishtiruvdan o‘tkazilmoqda. Mamlakat IIV bayonotiga ko‘ra, bu xodimlar ishdan bo‘shatilgan: ular turistlar bilan xushmuomala bo‘lishmagan, shuningdek, forma kiyish tartibini buzishgan.

Hozirda IIV xalqaro bo‘limi yuqoridagi sayyohlar bilan ham bog‘lanishga urinmoqda, bu ular pora holati bo‘yicha ariza yozishi uchun kerak ekan.

Top