O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining:

a) O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasini tashkil etish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida ularning amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida bolalar-o‘smirlar futbol akademiyalarini tashkil etish;

v) Vazirlik tizimidagi futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarini olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari etib qayta ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar respublika akademiyasi va hududiy akademiyalarning asosiy vazifalari etib belgilandi:

futbol bo‘yicha yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni saralab olish (seleksiya) tizimini yo‘lga qo‘yish, ularni o‘qitish, tarbiyalash va individual xususiyatlarini rivojlantirish, futbol sohasidagi sport qobiliyatini shakllantirish; 

bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirish uchun ishonchli zaxirani shakllantirish, iste'dodli va iqtidorli bolalarni futbolga jalb etish va futbol bo‘yicha salohiyatini doimiy ravishda o‘stirib borish, ularda sog‘lom turmush tarziga intilishni uyg‘otish;

professional futbolchilarni tayyorlash tizimini tashkil etish, mamlakat futbolini futboli rivojlangan mamlakatlar bilan xalqaro darajada raqobat qiladigan darajaga yetkazish, turli yosh toifasidagi respublika terma jamoalarga va professional futbol jamoalariga yetuk futbolchilarni tayyorlash;

futbol rivojlangan xalqaro mamlakatlarda o‘tkaziladigan musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish orqali respublika va hududiy akademiyalar o‘quvchilarining professional saviyasini oshirib borish.

Quyidagilar maktab-internatlarning asosiy vazifalari etib belgilandi: