AQSH-Eron muzokaralari

AQSH va Eron rasmiylari yetti oylik urushga barham berish boʻyicha yangi harakatlar doirasida dushanba kuni vositachilar bilan alohida-alohida muzokaralar oʻtkazdi.

Bu haftada oʻtadigan har qanday muzokaralar BMT tadbirlari doirasida Eron taqdim etgan yetti kunlik taklifning oʻzgartirilgan tahririga qaratiladi, deb yozmoqda Reuters.

Eronning yetti kunlik rejasi – barcha frontlarda jangovar harakatlarni toʻxtatish, Eronning milliardlab dollarlik aktivlarini muzlatishdan chiqarish, uning neftiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va AQSH blokadasini olib tashlashni nazarda tutadi.

Shundan soʻng Eron Hoʻrmuz boʻgʻozining qayta ochilishiga ruxsat beradi. Tomonlar Eronning yadro dasturi va yuqori darajada boyitilgan uranni yoʻq qilish boʻyicha muzokaralarni qayta tiklaydi. Tramp shanba kuni bu takliflarni rad etgandi.

Eron OAVlariga koʻra, tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi soʻnggi takliflarga AQShning rasmiy javobini kutmoqda. «Agar amerikaliklar kelishuvga yoki tinch yechimga erishmoqchi ekanini daʼvo qilishsa, biz ana shu yechimni taqdim etdik», dedi Araqchi.

Prezident Donald Tramp ham qoʻshimcha tafsilotlarni oshkor qilmagan holda, dushanba kuni AQSH rasmiylari vositachilar bilan alohida muloqot oʻtkazganini aytdi.

Urush fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga hujumlari bilan boshlangan boʻlib, yetti oy davomida minglab odamlar hayotiga zomin boʻldi. Neft tashish uchun hayotiy muhim boʻlgan dengiz yoʻllari toʻsib qoʻyilgani sababli jahon bozorlarini larzaga soldi. AQSH va Eron avvalroq vositachilik orqali oʻtkazilgan tinchlik muzokaralarida ikki marta - aprel va iyun oylarida oʻt ochishni toʻxtatishga kelishgandi. Biroq bu kelishuvlar tezda barbod boʻlgan.

Shimoliy koreyalik harbiylar mojarosi

Shimoliy Koreya Rossiyaga 10 mingga yaqin harbiy xizmatchini joʻnatishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Shu bilan birga, sakkiz mingdan ortiq shimollik askar allaqachon mamlakat hududida boʻlib turibdi. Bu haqda razvedka maʼlumotlariga tayanib, dushanba kungi murojaatida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy maʼlum qildi.

Ukraina rahbari soʻzlariga koʻra, hozirda harbiylar «tayyorgarlikdan oʻtish va keyinchalik joʻnatilish uchun tanlab olinmoqda». «Rossiya hukumati xorijliklarni yollashni koʻpaytirishni rejalashtirmoqda. Rossiya oʻz armiyasiga odamlarni jalb qilayotgan mamlakatlar hukumatlari bunga qarshilik koʻrsatishi muhim. Biz har bir hukumatni xabardor qilamiz», dedi Zelenskiy.