O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 2 iyunda qabul qilingan “Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 417-sonli qarorida oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti oliy ta'lim muassasalari tomonidan shakllantirilib, bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar orqali har yili Prezidentning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilinganidan so‘ng ikki hafta muddatda Respublika ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha kvotalarning ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti ikki hafta muddatda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji)ni tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I-va II-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma'lumotnomaga ega I- va II-guruh nogironlari, shuningdek nogiron nogironligi bo‘lgan shaxslar kiradi.
Ta'kidlash joizki, nizomda oliy ta'lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta'lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.
Oliy ta'lim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.









