Sog‘liqni saqlash vazirligida Respublika Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining ijrosini ta'minlash yuzasidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslari va xodimlarining mas'uliyatini yanada oshirish” mavzusida seminar tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Shuningdek, seminarda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish va davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida qabul qilingan huquqiy hujjatlar, yangicha tartib-tamoyillar, tibbiy xizmatni litsenziyalash jarayonida qonuniylik, shaffoflik, adolat prinsiplariga rioya etish, bu tizimda korrupsiyaning oldini olishda mutasaddilar zimmasidagi vazifalar xususida so‘z yuritildi. 

Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga 1,5-2 trillion dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, jahon iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazilmoqda. 

Bu muammo mamlakatni ham chetlab o‘tmayapti. Jumladan, tibbiyot tizimida ham bunday holatlar uchrab turibdi. Joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida sohaning turli yo‘nalishlarida ana shunday noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan 28 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyotning barcha bo‘g‘inida bunday muammolarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, tibbiy xizmatni litsenziyalash jarayonida ochiqlik, oshkoralik, qonuniylikni ta'minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Shu maqsadda sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan zamonaviy usullari tatbiq etilgan.

Prezidentning 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisosliklar 50tadan 126taga ko‘paydi. Xususiy klinikalarga davlat tomonidan qator moliyaviy imtiyozlar berilmoqda. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi.