Toshkent shahrida 2018 yil 11 iyun kuni “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida o‘tkazilmoqda.

Konferentsiyada BMT, YeI, YeXHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Niderlandiya, Latviya, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Malayziya, Quvayt, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston singari mamlakatlar delegatsiyalari, xorijlik ekspertlar, senatorlar, deputatlar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari, fan arboblari, OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, YeXHT bosh kotibi T.Greminger, BMT bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha elchisi Jayatma Vikramanayake, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili P.Burian, BMTning Aksilterror boshqarmasi tarkibidagi Aksilterror markazining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kanging Go, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Q.Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, bugungi kunda tajovuzkor ekstremizm va terrorizmning tarqalishi butun dunyoda xavfsizlikka raxna solayotganini, ushbu global xatarga qarshi jahon hamjamiyati birgalikda kurashmog‘i lozimligini ta'kidladilar.
E'tirof etilishicha, bu borada O‘zbekiston tutayotgan yo‘l, ko‘rayotgan chora-tadbirlar va xalqaro miqyosda ilgari surayotgan tashabbuslar diqqatga molikdir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan tarixiy nutqida so‘nggi yillarda terrorizmga qarshi asosan kuch ishlatish yo‘li bilan kurashish usuli o‘zini oqlamayotganini ta'kidlagan edi. Ushbu jarayonda ayniqsa yoshlarning ongu tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa, chunki bugungi dunyo yoshlari soni 2 milliard kishini tashkil qilgani holda, ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotganiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratgan edilar.

















