Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Normatov tomonidan tizimda olib borilayotgan ishlar haqida bildirilgan ma'lumotlarga e'tiroz bildirdi. KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakili nimalar haqida gapirdi?
Birinchidan, hozirgi kunda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish xizmatlari Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazib berildi. Shaharning to‘rtta tumani - Mirobod, Yunusobod, Olmazor va Uchtepa tumanlarida shahrimiz fuqarolari bemalol 5-15 daqiqada eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish imkoniga egalar. Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan transport vositalarini texnik ko‘rigini o‘tkazish masalasini tadbirkorlarga berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchidan, boshqarma bo‘limlarida navbatlarni kamaytirish masalasi. Haqiqatda hozirda navbatlar mavjud. Ularni kamaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Fayzioboddagi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limida qo‘shimcha ikkita oyna ochildi. Ulardan birida bolalar va qariyalarga xizmat ko‘rsatish uchun alohida oyna ochildi.
Uchinchidan, fuqarolar va xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida inshootlar ta'mirdan chiqarildi, konditsionerlar o‘rnatildi, shu jumladan zalga ham.
To‘rtinchidan, kutish zallarida bepul Wi-Fi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning e'tirozi

Toshkent shahar hokimi YHXB vakilining so‘zlariga e'tiroz bildirdi:
"Men bu gaplarga qo‘shila olmayman, chunki 20 yildan beri shu gapni eshitib kelyapmiz - har doim hammasi yaxshi, - dedi hokim. - Xalqaro Press-klub ekranida ko‘rsatilgan suratlar eski suratlar emas (bir kun avval olingan - tah.), bir kunda hammasi o‘zgarib qolishiga ishona olmayman. Buni, albatta, tartibga solish kerak, to‘g‘irlash kerak. Bunday xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazishni taklif qilishdi. Unda qanday farq bo‘ladi? Xususiy sektorga o‘tganidan keyin tushgan puldan o‘sha yerda ishlovchi har bir xodimning ish haqini ko‘tarib beradi, ya'ni "10 kishiga xizmat ko‘rsatsang - buncha, 100 kishiga xizmat qilsang - shuncha" deb. Bunda esa o‘z-o‘zidan xizmat ko‘rsatish tizimi yaxshilanadi. Agar bu davlat idorasida qoladigan bo‘lsa, xuddi shu tizimni yo‘lga qo‘ysak, odamlar kutib o‘tirishga majbur bo‘lmaydi. Ishchilar ham konditsioner ostida xotirjam o‘tirmay, "ko‘proq odamga xizmat qilay, ko‘proq topay" deb harakat qila boshlaydi. Tizimni to‘g‘irlash kerak, xolos. Menimcha, hech bir davlatda bunday xizmatlar xususiy sektorga berilmagan. Shaxsiy fikrimga keladigan bo‘lsak, men xususiy sektorga berishga qarshiman, lekin davlat tizimida qolib, o‘z faoliyatini takomillashtirishi tarafdoriman".














