Sport | 09:56 / 17.06.2018
47926
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada muxlislarni taksi urib ketishi voqeasi tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

Foto: Reuters

Moskva markazida taksi avtomobili yo‘lkadagi piyodalar ustiga haydalib, 8 kishining jarohatlanishi sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi tafsilotlari ma'lum bo‘ldi.

«Piyodalar ustiga yurgan, Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan haydovchi mast emasdi, ammo u rulda uxlab qolgan. Ushbu shaxs Rossiyada qonuniy ishlagan va ishlash uchun barcha hujjatlarga ega hisoblanadi», – deya favqulodda vaziyatlar xizmatidagi manba so‘zlarini keltirgan TASS.

Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u kechasi ishlagani uchun charchab uxlab qolgan, voqea joyidan qochib ketishiga esa qo‘rqib ketgani sabab bo‘lgan.

Moskva sog‘liqni saqlash departamentida ma'lum qilinishicha, voqea oqibatida 8 kishi jabrlangan, ulardan 7 nafarining ahvoli qoniqarli, bir ayol esa o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida 2 nafar meksikalik, 2 nafar ozarboyjonlik, 2 nafar rus va bir ukrainalik borligi ma'lum qilingan.  

Yo‘l transport hodisasi yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining “Yo‘l harakati va transport vositalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.  

Dushanba kuni sud taksichiga tegishli jazo chorasi qo‘llaydi.

Mavzuga oid