Sifatsiz hamda iste'mol qilish muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari inson uchun eng aziz ne'mat – sihat-salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi shubhasiz. Afsuski, ushbu oddiy haqiqatdan ko‘z yumgan ayrim kimsalarni yurtdoshlarimizning salomatligidan ko‘ra, mo‘may daromad ko‘proq qiziqtirayotgan ko‘rinadi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida, iste'molga yaroqsiz tovarlarning noqonuniy muomalasining oldi olindi.

Qo‘mitaning Kontrabandaga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari oldindan tezkor kuzatuvga olingan ikkita “Kamaz” rusumli yuk avtoulovlarini Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hududida to‘xtatib, ko‘zdan kechirishganida, ushbu mashinalarda yorliqlari olingan jami 120 ming dona konserva mahsulotlari borligi aniqlandi

Dastlabki tekshiruvlar davomida ushbu konserva mahsulotlari poytaxtdagi tashkilotlardan birining omboridan yuklab olib chiqib ketilganligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shundan so‘ng, bojxonachilar Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi mazkur omborni ko‘zdan kechirishganda, omborxonada muddati o‘tgan konservalardan shilib olingan yorliqlar qoplarga joylab qo‘yilganligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur ombordan konserva mahsulotlarini yuklab olib chiqib ketgan yana bir “Isuzu”rusumli yuk avtoulovi Toshkent shahri hududida to‘xtatib qolindi. Ushbu mashina yukxonasida ham yorliqlari olib tashlangan jami  27 180 dona konserva mahsulotlari noqonuniy olib ketilayotgan ekan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan ushbu tashkilotga berilgan sanitariya xulosasida jami 147.180 dona konserva mahsulotlarining yaroqlilik muddati 2017 yilning fevral-iyul oylarida tugaganligi va iste'molga yaroqsizligi sababli belgilangan tartibda yo‘q qilinishi so‘ralgan.