“Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Qaror bilan tasdiqlangan nizom:

• tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish;
• davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish;
• vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;
• xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta'sir choralarini qo‘llash tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekspert guruhi tashkil etiladi.

Qoida tariqasida, ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida ko‘rsatiladigan ixtisoslik yo‘nalishlaridan bittadan vrach kiritiladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi a'zoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.

Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish;
• tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Endilikda, vrachning kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlar Ekspert guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

O‘rganish natijasida vrachning xatosi aniqlanganda quyidagi obektiv va sub'yektiv sabablar tahlil qilinadi:

• obektiv sabablar – muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvatining yetishmasligi, dorilarning yo‘qligi, hayotga xavf tug‘diruvchi holatlar paytida shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilishi oqibatida bemorning ahvoli og‘irlashishi va boshqa o‘xshash holatlar;
• sub'yektiv sabablar – vrach bilim saviyasining yetishmasligi oqibatida bemorning holatini to‘g‘ri baholay olmaslik, davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan noto‘g‘ri taktika qo‘llanganlik, tajriba yetishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.