Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Elchilarning xotinlari darslik yozadi». Abdulla Aripov darsliklar hadeb yangilanaverishini tanqid qildi
Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida, 20 iyun kuni Xalq ta'limi vaziri etib tayinlangan Sherzod Shermatov boshchiligidagi yangi rahbariyat ishtirokida xalq ta'limi tizimi muammolariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda maktablarda kitoblar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar yetishmasligi, darsliklarning xatolar bilan chop etilishi jiddiy muammolar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
«Maktablarda kitoblar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yetishmasligi, sifat darajasi bo‘yicha muammolar bir necha yillardan buyon yechilmay kelmoqda. Ushbu masalaga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish kerak.
Matematika, fizika, geografiya, biologiya fanlaridan darsliklar almashtirishga qanday zarurat bor? Biz o‘qigan vaqtda darslik 20 yil davomida o‘zgarmasdi. Masalan, men maktabda akalarim 20 yil oldin o‘qigan kitoblarni o‘qiganman. Bular aniq fanlar. Nega bu darsliklar har 4 yilda almashishini tushunmayman.
Kechirasizlaru, har xil amaldorlarning, elchilar, yana turli mansabdorlarning xotinlari darslik yozdi. Ular yozgan narsaga bolalar u yoqda tursin, katta odamlar ham tushunmaydi. Lekin o‘sha kitob tasdiqdan o‘tgan, nashr etilgan. Nega? Chunki, kitob muallifi elchining xotini.
Yana qaytarib aytaman, velosipedni qaytadan o‘ylab topishning keragi yo‘q, Amerikani qaytadan ochishning zarurati yo‘q. Fizikaning, matematikaning umumiy qonunlari o‘zgarmaydi. Darsliklarni chop etishda ilg‘or Yevropa tajribasini o‘zimizga tatbiq qilish, undan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» manbasi.
Bundan tashqari, Abdulla Aripov maktablarda ingliz tilidan boshqa darslar yo‘q qilinganini tanqid qildi.
«Bizda juda yaxshi chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablarimiz bor edi. 2012 yil yoki 2013 yilda hammayoqda ingliz tilini o‘qitish joriy qilindi. Ammo bu qanday amalga oshirildi? Bu boshqa tillarni cheklash hisobiga bo‘ldi. Nemis tili yoki fransuz tiliga ixtisoslashgan maktablar, juda zo‘r o‘qituvchilarimiz bor edi. Ular jahon olimpiadalarida qatnashishardi. Afsuski, biz ularni majburlab ingliz tili o‘qituvchisiga aylantirdik. O‘zim Chinozda ko‘rdim, ma'naviyat bo‘yicha bitirgan odam, ingliz tilidan dars beryapti.
To‘g‘ri, ingliz tiliga e'tibor berish yaxshi. Lekin hozir viloyatlarda rus tilidan dars beradigan o‘qituvchilar yetishmaydi. Chet ellarda yuribdi. Kulgili va sharmandali hol bu. Erishgan yutuqlarimizni yo‘qotdik.
Ba'zilar tanqid qiladi, rus tiliga e'tibor berishni sobiq sovet zamonini sog‘inish deydi. Yo‘o‘o‘q, orqaga yurish yo‘q.
Holbuki chet elda maktabni bitirayotgan o‘quvchi 3ta yoki 4ta tilni biladi. Biz esa borini yo‘q qildik, yangisini qurmadik.
Shuning uchun, vazirlikning yangi rahbarlari oldida katta vazifa turibdi. Prezidentimiz mamlakatimiz kelajagi uchun maktab ta'limi o‘rni naqadar muhim ekanini aytmoqda. O‘ylaymanki, barcha rahbarlar buni to‘g‘ri tushunib, to‘g‘ri yondashadi. Yurtboshimiz bu masalada katta topshiriqlar berdi», — degan bosh vazir.
Mavzuga oid
22:53 / 13.04.2026
Rossiya O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berish hajmini oshirishini ma’lum qildi
21:06 / 27.03.2026
O‘zbekiston 2026 yilda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirishga tayyorlanmoqda
19:01 / 02.03.2026
Fors ko‘rfazi davlatlaridagi o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilinadi
20:55 / 17.02.2026