Bugun, 2 iyul kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekistonda onkologiya xizmatining bugungi holati, onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov zamonaviy tibbiy tadqiqotlarga tayanib, onkologik kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini bayon etdi.

«Eng avvalo, sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etish zarur. Chunki onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga, avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish jiddiy sabab bo‘lmoqda. Ya'ni, tarkibida inson sog‘lig‘i uchun zararli moddalari bo‘lgan oziq-ovqat va ichimliklarni iste'mol qilish saratonga olib kelishi zamonaviy ilm-fanda to‘liq tasdig‘ini topdi. Bunday oziq-ovqatlar qatoriga qizil go‘sht, kolbasa va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar, yog‘li taomlar, shakar, tuzni kiritish mumkin. Bundan tashqari, chekish, ichish, semizlik ham saratonni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarziga to‘la rioya etish, belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida emlatish, jismonan faol bo‘lish onkologik kasalliklarning oldini olishning muhim omilidir», deya vazirning so‘zlarini keltirgan Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, aholi orasida bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolash ishlarini tizimli asosda tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari kabi onkologiya xizmati ham xalqimizning talab va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirilmoqda.

«Eng avvalo, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida onkologiya muassasalari rahbariyati butunlay o‘zgardi. Viloyatlardagi onkologiya dispanserlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filialiga aylantirildi. Markazda ishlayotgan olimlar va yetakchi mutaxassislar viloyat filiallariga rahbar etib tayinlandi. Natijada har bir viloyatda oldinlari qilinmagan eng murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Ilmiy izlanishlarga keng yo‘l ochildi.
Onkologiya muassasalarini dori-darmon bilan ta'minlash yaxshilandi. Sir emas, yaqin-yaqingacha onkologik bemorlarni dori-darmon bilan ta'minlash bor-yo‘g‘i 26 foizni tashkil etar, bu xalqimizning haqli e'tiroziga sabab bo‘layotgan edi.















