Jahon | 08:35 / 07.07.2018
28486
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada Qrimni kuch bilan qaytarib olishga urinish nimaga olib kelishi mumkinligi aytildi

Foto: Maks Levin/Lb.ua

Ukraina sobiq mudofaa vaziri va "Grajdanskaya initsiativa" partiyasi rahbari Anatoliy Gritsenko Qrimni Rossiyadan kuch bilan tortib olishga urinish nimaga olib kelishi mumkinligini aytdi, deb yozadi RIA Novosti.

Uning aytishicha, Donbassdagi nizoni hal etishning qandaydir “norasmiy rejasi” mavjud. Gritsenkoning qayd etishicha, bunda kuchdan foydalanish uslubi nazarda tutilmagan.

"Agarda Ukraina Qrim va Donbassni kuch bilan tortib oladigan prezidentni saylaydigan bo‘lsa, u holda Rossiyadan sanksiyalar olib tashlanadi hamda bizga nisbatan joriy etiladi va shu bilan Ukraina tamom bo‘ladi", — dedi sobiq mudofaa vaziri Lb.ua. portaliga bergan intervyusida.

U shuningdek, rejani amalga oshirish ko‘zda tutilmaganini aytdi.

"Nima uchun reja amalga oshirilmayapti? Ikkita sabab bilan. Birinchisi – reja uch-besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, u bir yildan kamroq vaqti qolgan hukumat bilan kelishilmaydi. Ikkinchi sabab – Ukraina hukumatining so‘zida tura olmasligi. Nafaqat o‘z fuqarolari oldida, balki sheriklari oldida ham. Shu bois hozirgi prezident davrida bu reja amalga oshirilmaydi", — dedi Gritsenko.

Ukrainada Qrim va Donbassni qaytarib olish haqida bir necha marta so‘z borgan. Mamlakat sobiq prezidenti Leonid Kravchukning aytishicha, yarimorolni unga alohida maqom berish orqali qaytarib olish mumkin. U shuningdek, Ukraina sharqidagi nizoni bartaraf etish uchun Donbassda boshqa viloyatlardagi tartibdan farq qiluvchi “hayotni tashkil etish” kerakligini aytgan. Avvalroq Kravchuk Moskva yarimorolni o‘z ixtiyori bilan “qaytarib berishi” mumkinligini aytgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid