Qirg‘izistonlik eng yaxshi oshpazlardan biri Shuhrat Sharipov qachonlardir vokzal yonida joylashgan mo‘'jaz qahvaxonada somsa pishirgan. Keyinchalik, Qirg‘izistondagi xo‘randalarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatuvchi restoranda ishladi. Biroz o‘tib, prezidentlarga taom tayyorladi. 

Foto: Sputnik

Ayni paytda Sharipov Qirg‘iziston Respublikasi oshpazlar assotsiatsiyasi raisi, Qozog‘iston, Serbiya, Pokiston oshpazlar assotsiatsiyalari faxriy a'zosi hisoblanadi. U bilan bo‘lgan suhbatni o‘zbek tilida taqdim etamiz.

— Menimcha, siz yoshligingizdan ovqat tayyorlaysiz. Shundaymi?

— Ha, uchinchi sinfdan beri. Bir kun ota-onam uyda yo‘q edi, tasodifan keks pishirish usuli va masalliq haqida yozilgan jurnal qo‘limga tushib qoldi. Onamning aytishicha, men pishirgan keks unchalik yomon emasdi. 

—Siz o‘qishda kursdoshlaringizga qaraganda ancha bilag‘on bo‘lgandirsiz?

—Yo‘q. Hozir yarim yilda ham turli kurslarda oshpazlarni tayyorlab qo‘yishyapti. Biz texnikumda ta'lim olgan payt o‘qishga jiddiy e'tibor qaratilgan: mikrobioligiya, kimyo kabi predmetlarni ham o‘rgatishgan. Bu fanlar bilan a'lochi bo‘lib ketmaysan (kuladi).

— O‘qishdan so‘ng, ishni oson topganmisiz?

— O‘shanda 1995 yil edi, ish umuman yo‘q. Men tungi restoranlarning biridan zo‘rg‘a ish topganimda onam ruxsat bermagan. Xavfli edi, 90-yillarning kayfiyati... Shunday qilib, tog‘am bilan vokzal oldidagi qahvaxonada somsa pishirishni boshladim. Ertalabdan tunga qadar somsa, manti, lag‘mon, non pishirardim. 

Foto: Sputnik

Tamaddi qilib olish uchun, safarga otlangan yo‘lovchilar ko‘p kirib turishardi. Odamlarga liq to‘lgan avtobus vokzalga kirib kelishi bilan qozonda hech nima qolmasdi.

—Hozir ko‘pchilik bunday tamaddixonalardan qochadi. U yerda foydalanilayotgan go‘shtning sifatiga shubha bor. 

—Balki, biroq, u paytda qat'iy belgilangan normaga amal qilishimiz shart bo‘lgan. Ozroq vaqt o‘tib, kishilar pulning ortidan quvib, sifatni unutdi. Xitoy, Hindistondan import qilinayotgan shubhali muzlatilgan go‘shtlar paydo bo‘ldi.