11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bola va ularning murabbiyi 23 iyunda Tailandning eng shimoliy nuqtasida joylashgan Txam Luang g‘origa otlangandi. «O‘rmon to‘ng‘izlari» o‘smirlar futbol jamoasi a'zolari g‘or ichiga sayr qilish uchun kirib ketib, kuchli yomg‘irlar oqibatida g‘ordan chiqish yo‘llari suv ostida qolgani sababli u yerda qolib ketishdi.

G‘orga yo‘l olishdan oldin olingan surat
Foto: AP

13 kishi bedarak ketgach Tailand armiyasi ularni qidirish uchun safarbar qilindi. Ko‘p o‘tmay ularga Buyuk Britaniya, AQSh va Xitoydan kelgan ko‘ngillilar qo‘shildi, bolalarni minglab qutqaruvchilar qidirdi. Tez orada g‘orga kirish joyida 11ta velosiped va murabbiyga tegishli mototsiklni topishdi.

9 kun o‘tib britaniyalik dayverlar (chuqurlikdagi g‘orlarga tushish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis) Jon Volanten va Richard Stento g‘or ichkarisida murabbiy va bolalar jon saqlayotgan nuqtaga yetib borishdi. Ularga kislorod va oziq-ovqat yetkazib bera boshlashdi, Tailand hukumati esa o‘smirlarni qanday chiqarib olish haqida o‘ylay boshladi.

G‘orga kirish
Foto: Sakchai Lalit / AP

Amaliyot 10 iyul kuni yakunlandi, g‘ordan shu kuni oxirgi bolakay va 25 yoshli murabbiy olib chiqildi. Lekin bu vaqt davomida qutqaruvchilardan biri halok bo‘ldi, bolalarning hayoti ham bir necha bor xavf ostida qoldi.

O‘smirlar g‘orda 4 oy qolib ketishi ham mumkin edi

G‘or ichida topilgan bolalar
Foto: Tham Luang / AP

Guruh joyi aniqlanganida qutqaruvchilarni ularni olib chiqish murakkabliklari o‘ylantirib qo‘ygandi. Bu chindan oson emasdi: 9 kun davomida g‘or ichida oziq-ovqatsiz va ichimlik suvisiz qolib ketgan bolalarning aksari suza olmas va darmonsiz edi.

Bu holda ularni olib chiqish ularning hayotiga xavf tug‘dirardi. Chunki, g‘or yo‘laklarini suv to‘ldirgan, 4 kilometrlik masofani tajribali g‘avvoslar ham bazo‘r bosib o‘tardi. Bolalar umumiy uzunligi 7 kilometrlik g‘orning o‘rtasidagi havo bor bo‘lmasida jon saqlab qolishgandi.