Xuddi ana shunday fikr Jahon banki prezidenti Jim Yon Kimning Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli «Foreign affairs» jurnali saytida chop etilgan tahliliy maqolasida keltiriladi.

O‘lchov kuchi 

Siyosatchilar va byurokratlar o‘z ishini uddalay olmasa, kambag‘al aholi eng ko‘p aziyat chekadi. Ammo odamlarda o‘zlari haqli bo‘lgan xizmatlarni talab qilish usuli bor: bu – shaffoflik. Axborotdan ko‘proq xabardor bo‘lish fuqarolarga yetakchilar va davlat xizmatchilari nimalar qilayotgani va nimalar qilmayotganini bilish imkonini beradi.

Masalan, Ugandada 2005 yilda jamoat tashkilotlari bilan ishlovchi tadqiqotchilar mahalliy tibbiy muassasalar ishini baholash, sifati yuqoriroq bo‘lgan xizmatlarni talab qilishga da'vat etuvchi maxsus kartochkalar chop etishdi. Ushbu oddiy siyosat bilan sog‘liqni saqlash sohasida vaziyatning barqaror yaxshilanishi, jumladan, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘lim holatlari kamayishiga erishildi. 

Shunga o‘xshash holat 2001 yilda Germaniyada ham kuzatilgan. Talabalarni baholash xalqaro dasturining hafsalani pir qiluvchi natijalaridan so‘ng «PISA shok» deb nom olgan tadbir amalga oshirildi – hukumat ta'lim sohasida yirik islohotlar o‘tkazib, ta'limni yaxshiladi. 

Ta'limni baholash Tanzaniyada ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 2011 yilda «Twaweza» nohukumat tashkiloti Jahon banki guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda bolalarning bazaviy savodxonligini hisoblash ko‘nikmalarini aniqlashga bag‘ishlangan so‘rov natijalarini chop etdi. Natija ayanchli edi: o‘n nafar uchinchi sinf o‘quvchisidan faqat uchtasi ikkinchi sinf dasturini o‘zlashtirgan, undan ham kam bola ikkinchi sinfga mo‘ljallangan ingliz tilidagi matnni o‘qiy olgan. 

O‘sha paytlarda xizmat ko‘rsatish indikatorlari asosida so‘rov natijalari chop etildi. U o‘qituvchilarning kamchiligi va o‘quvchilarning dars qoldirmasligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng ro‘y bergan ijtimoiy aks-sado Tanzaniya hukumati tomonidan o‘qitishning past darajasi muammolarini hal qilishga qaratilgan “Hoziroq yuqori natijalar” dasturi joriy qilinishiga olib keldi. 

Ushbu misollar shuni ko‘rsatadiki, inson kapitali rivojlanishi holatining ishonchli tahlilidan keng foydalanish imkoniyati vujudga kelmoqda. Bu tahlil hukumatlarni harakat qilishga undaydi. Jahon banki guruhi tomonidan inson kapitalining asosiy jihatlarini qamrab olish uchun ishlab chiqilayotgan ko‘rsatkichlar mantig‘i ana shunday.