2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada huquqiy demokratiyani ag‘darib, harbiylar xuntasini amalga oshirishga urinish bo‘lib o‘tdi. Turkiya hukumatining iddao qilishicha, bunda muxolifatchi Fethulloh Gulenning qo‘li bor.

15 iyul voqeasi qanday boshlandi?

Foto: Gokhan Tan/Getty

Bundan ikki yil avval, shu kunda Turkiya xalqi qonli davlat to‘ntarishiga urinishlarga guvoh bo‘ldi. Barchasi Turkiya armiyasi va huquq-tartibot organlari xizmatida bo‘lgan harbiylarning mamlakatning strategik obektlariga hujum qilishidan boshlandi. Ularning asosiy maqsadi amaldagi davlat rahbari Rajab Toyyip Erdo‘g‘anni hukumatdan chetlashtirib, to‘ntarishni amalga oshirish edi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shenning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Turkiyaning qiruvchi harbiy havo kemalari o‘sha tunda o‘zlarining Parlament binosiga o‘t ochdi. Harbiy qo‘mondon Hulusi Akar esa o‘g‘irlab ketildi. Voqealar rivoji shunday avj oldiki, Turkiya o‘z 95 yillik tarixida to‘rtinchi marta harbiy inqilobni boshdan kechirayotgandi.

Foto: REUTERS/Murad Sezer

Ammo, shu paytda bir kutilmagan yoxud favqulodda hodisa yuz berdi. Voqealar tafsiloti ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi, tinch aholi vakillari oshxona buyumlari bilan qurollanib, ko‘chalarga chiqdi. Xuntaga qarshi chiqqan xalq Anato‘liya maydoniga yig‘ila boshladi.

Noharbiy fuqarolar va sodiq politsiya, armiya xizmatchilari kuchlarini birlashtirdi. O‘sha kechada 240dan ortiq kishi vafot etdi, yana 2194 nafar shaxs tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

To‘ntarish ortida kim turgandi?

Foto: REUTERS/Charles Mostoller

Ushbu xuntada Kamolchilar harakati yaqqol sezilmaydi. 1946 yili Turkiyada tashkil etilgan ko‘p partiyaviylik demokratik boshqaruv usuli joriy etilishi bilan, Turkiya qurolli kuchlari va boshqa tuzilmalar Mustafo Kamol Otaturkning mafkuraviy himoyachilariga aylandi. Dunyoviy Turkiyani rivojlantirish yo‘lida harbiylar boshchiligida hokimiyat ayollarning ro‘mol o‘rashiga ham qarshi edi. Manfaatidan chetda qolgan partiyalarga nisbatan turli ta'sirchan choralar ko‘rildi. Ammo, ularning barchasi tarixda qoldi.