KUN.UZ pochtasiga kelib tushgan navbatdagi murojaatlardan birida tadbirkor uchun ajratilgan yer maydoni Andijon shahar hokimligi tomonidan tortib olinganligi haqida bayon etilgan. Murojaatda ta'kidlanishicha, Andijon shahrida joylashgan “Yorboshi” zamonaviy kushxona kompleksi davlat dasturi bo‘yicha tasdiqlangan loyiha bo‘lib, shahar hokimi chiqargan qaror sababli uning ijrosi amalga oshirilmayapti. Murojaatni to‘liq o‘rganish maqsadida Andijon viloyatiga bordik.
Andijon shahrining “Qo‘shariq” dahasida joylashgan “mini-kopleks” – zamonaviy kushxonasi yangi dastgohlar bilan jihozlangan bo‘lib, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi. Aslida, mazkur korxona 2015 yili respublikaning barcha shahar va tuman markazlarida chorva mollarini avtomatlashtirilgan ravishda so‘yish hamda go‘sht va go‘sht mahsulotlarini sotish bo‘yicha namunaviy mini-komplekslarni tashkil etish maqsadida davlat dasturi doirasida bunyod etilgan edi. 2015 yil 2 iyulda kompleksni qurish uchun yer maydoni tanlab ajratishga hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risida sobiq shahar hokimi vazifasini bajaruvchi U.Soliyev imzosi bilan qaror chiqqan edi.

Loyihaga ko‘ra, dastlab zamonaviy kushxona bunyod etilib, ikkinchi bosqichda tayyor charm mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi liniyalar ishga tushirilishi kerak edi. Tadbirkor tomonidan ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2015 yilda tijorat bankidan 1 milliard 750 million so‘mlik kredit olingan bo‘lib, kushxona to‘liq qurib bitkazildi. Bugungi kunda olingan kreditning faqat 400 million so‘mi qoplangan, xolos. Tadbirkor tomonidan har oyda 57 million so‘mdan kredit foizlari to‘lanmoqda.
2017 yil 20 dekabrda Andijon shahar hokimi D.Rahmatullayev “Yorboshi” korxonasiga qurib bitkazilgan bino-inshoatni foydalanishga qabul qilish hamda egalik huquqini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Biroq, oradan uch oy o‘tib shahar hokimi o‘z qarorini bekor qilishga ahd qildi. 2018 yil 22 mart kuni 330-q sonli qaror bilan Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev teri mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish va go‘sht mahsulotlarini sotish, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda tayyor teri mahsulotlarini chet elga eksport qilish bazasini qurish uchun ajratib berilgan yer maydonidan foydalanish huquqini bekor qildi.
























