Foto: Getty Images

«Liverpul» 62.5 million yevro evaziga braziliyalik darvozabon Alisson Bekkerni sotib oldi. Bu bilan Bekker futbol tarixida eng qimmat darvozabonga aylandi. Bonuslari bilan bu transfer qiymati yana 10 millionga oshishi mumkin.

O‘tgan mavsumda Yevropada eng sermahsul hujum chizig‘iga ega bo‘lgan, ammo himoyadagi xatolar evaziga sovrinlarga da'vogarlik qila olmagan «Liverpul» qishda Virjiyl van Deykni himoyachilar uchun rekord narxga sotib olgandi. Yevropa Chempionlar ligasidagi xato uchun esa, ko‘rib turganimizdek, Karius kechirilmadi. Yurgen Klopp juda katta narxga bo‘lsa-da, darvoza chizig‘ini yaxshilash kerakligini tushunib yetdi. 

Ammo bu yerda faqat «Liverpul» hikoyasi yo‘q. Ikki yilgina oldin Voysex Shchesnining o‘rinbosari bo‘lib yurgan braziliyalik darvozabonning shu qisqa vaqtda dunyoning eng qimmat darvozaboniga aylanishi haqiqatan ham ajoyib ertak. Alisson Bekker: kim o‘zi u?

Chamasi qirq yoshlar atrofidagi erkak balkonga chiqdi va sigareta tutatdi. Braziliyaning Novu Amburgu munitsipalitetdagi ular yashaydigan kvartira juda tor, buning ustiga shiftdan suv tomchilab turardi. Bu rayonda asosan etnik nemislar istiqomat qiladilar. Umuman olganda, eplasa bo‘ladi, lekin qo‘shni uydagi futbol jinnilari bo‘lgan ikki bolakayga chidab bo‘lmasdi.

Tartibga o‘rgangan nemischa tarbiya buni xazm qila olmas, lekin bolakaylarning ota-onasiga qilingan shikoyatlar foyda bermasdi.

Bir kuni qo‘shnilar - Xose va Magali Bekkerlar magazinga ketishganda, yana boshlandi. To‘p ovozidan avvaliga devor, keyin boyagi erkakning qulog‘i larzaga kelardi. Yo‘q, bunga chidab bo‘lmaydi. Oxiri, bir narsa «chirs» etgani eshitildi, erkakning ko‘zlari yondi. Nimadir sindi. «Haha, Xose kelsin, ularning ta'zirini beradigan bo‘ldi» – deb o‘yladi u. Balki endi ularga to‘p o‘ynash taqiqlanar?

«Dadam seni o‘ldiradi» – deb shivirlayotgandi devor orqasida Muriel ukasiga.

«Sen kattasan. Sen qarashing kerak edi» – deydi bilmasdan lyustrani mo‘ljalga olgan Alisson. Kechqurun ikkovi ham kaltak yedi, albatta.

Oradan 14 yil o‘tib, Braziliyaning «Internasonal» klubi darvozaboni Alisson Bekker telekanallaridan biriga intervyu berar ekan, kulib, o‘sha voqeani gapirib bergandi.

«Ko‘p qavatli uylarda kichkinagina kvartiramiz bo‘lardi. Shuning uchun ota-onam joydan tejash maqsadida akam ikkovimizga ikki qavatli karavot olib berishgandi. Karavotlarning orasini biz futboldagi darvoza o‘rnida ishlatar, navbati bilan birimiz darvozaga turib, ikkinchimiz tepardik. Lyustraning sinishi ham xuddi shu «o‘yin»ning oqibati bo‘lgandi».