Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani markazidagi Uvaysiy ko‘chasi 128-uyda istiqomat qiluvchi 75 yoshli Yo‘ldosh Normatov ayoli bilan mana olti yildirki hammomda yashab kelmoqda. Kun sayin sog‘lig‘iga putur yetib, tez-tez ayoli bilan shifoxonada muolaja olyapti, deb yozadi "Zarafshon" nashri.

Foto: Zarnews

Bu esa bugun tumanda hech kimni tashvishlantirmayapti. Aksincha, keksalarning shu ko‘yga tushishiga olti yil oldin tuman hokimligi va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi ham "yordamlashib" yuborgan edi.  Nuroniylarning taqdiri bir pul bo‘lsa, ba'zan sud qarori bilan ham ularni shu ahvolga tushirish mumkin ekan.

Hammasi 2010 yilda boshlangan. Aslida Yo‘ldosh otaning binoyiday hovlisi, yashash uchun yaxshigina sharoitga ega uyi ham bor edi. O‘sha yili ularning 126-uyda yashovchi qo‘shnisi Saidqul Jabborov 124-uyni ham sotib olgach, he yo‘q, be yo‘q umumiy ko‘cha ustini yopib, darvoza qurib oladi. Yo‘ldosh Normatov yashaydigan uyning derazasi ana shu ko‘chaga qaragan edi. Xuddi shu ko‘chadan otaxonning uyiga gaz tarmog‘i ham o‘tgandi. Hammasi mutlaqo o‘zboshimchalik bilan qurilgan darvozaxona ichida qolib ketadi. Qirq yil temiryo‘lda mashinist bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqan Y.Normatovning derazasi tagida endi har tunda qo‘shniga tegishli darvoza va garaj shovqini uyqu bermaydi. Er-xotinning shifoxonaga tushib qolgani qo‘shnining "to‘pig‘iga ham kelmadi".

Xullas, Yo‘ldosh ota majbur bo‘lib, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati DUKga murojaat etadi. Shundan so‘ng tuman hokimligiga. Chunki quyosh tushmayotgan xona nam tortib, nurab, to‘kila boshladi. Ko‘chani egallab olgan qo‘shni esa ta'mirlashga ham qo‘ymaydi.

2010 yil 17 mart kuni kadastr xizmati xodimlari Samarqand mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida vaziyatni joyida o‘rganib, S.Jabborov tomonidan tor ko‘cha tarmog‘ida qurilgan darvozaxonani noqonuniy, deb topadi. Uni buzish to‘g‘risida ogohlantiriladi. Jabborov shunchaki buzishdan bosh tortadi. Kamiga hali tuman hokimligi, hali boshqa idoralardan madad so‘rab, turli eshikka bosh suqayotgan Yo‘ldosh otaga "Xohlagan joyingga bormaysanmi?", deya ustidan kuladi.