Vazirlar Mahkamasining 12.07.2018 yildagi 533-son qarori bilan qayta tuzilgan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, shuningdek uning ishchi organlari – Jamg‘arma kengashi va Departamentning faoliyat yuritish tartibi belgilandi.
 
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi mazkur Jamg‘armaga aylantirildi hamda u barcha huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha huquqiy voris bo‘lgan holda Moliya vazirligi tasarrufiga berildi.

Norma’ning yozishicha, jamg‘arma respublikada paxta va g‘alla yetishtirish, qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berilishini moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘armaning mablag‘lari manbalari o‘zgarmadi.

Jamg‘arma paxta, g‘alla yetishtirish, xarid qilish va qishloq xo‘jaligi texnikasi imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berilishini moliyalashtirish bo‘yicha faoliyatini moliya va tijorat agentlari: «Agrobank» ATB, «O‘zpaxtasanoat» AJ, «O‘zdonmahsulot» AJ, «O‘zagrolizing» AJ, «O‘zmashlizing» MChJ bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
 
Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari tomonidan yetishtiriladigan paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha Hukumat qarorlarida belgilangan tijorat banklari moliya agenti hisoblanadi.
 
Jamg‘arma mablag‘laridan qay tarzda maqsadli foydalaniladi
 
Jamg‘arma mablag‘lari maxsus ochiladigan maqsadli hisobvaraq orqali, Jamg‘arma va moliya, tijorat agentlari o‘rtasida tuzilgan Bosh kelishuv asosida agentlarga ajratiladi.  
 

O‘z navbatida, ushbu hisobvaraqdan foydalanib:

• moliya agentlari Jamg‘armaning maqsadli mablag‘larini paxta va g‘alla hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiradilar;
• xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilariga paxta hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun mablag‘larni yo‘naltiradilar;
• tijorat agentlari moliya agenti orqali olingan mablag‘larni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali tayyorlov tashkilotlariga yo‘naltiradilar;