Jahon | 08:52 / 25.07.2018
2470
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya Nikaraguada fuqarosi o‘ldirilgandan keyin elchisini chaqirtirib oldi

Foto: AFP

Braziliya tashqi ishlar vaziri Aloiziu Nunes Nikaraguada braziliyalik ayol o‘ldirilgandan keyin bu mamlakatdagi elchisini ortga chaqirtirib oldi.

Folha de Sao Paulo portalining ma'lum qilishicha, elchi Luis Klaudiu Vilyafane voqea tafsilotlari haqida ma'lumot berish uchun ortga chaqirtirilgan. Shuningdek, Braziliya tashqi ishlar vazirligiga Nikaragua elchisi Lorena Martines chaqirtirilgan.

Nikaraguada yashovchi 31 yoshli braziliyalik Rayneya Lima hukumatning qurollangan tarafdorlari tomonidan o‘ldirilgan. Uning o‘ldirilganini Braziliyaning Managuadagi elchixonasi tasdiqlagan. Lima Managuadagi Amerika universitetida tahsil olgan va politsiya gospitalida shifokor bo‘lib ishlagan. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u mashinada ketayotganda qurollangan kishilar tomonidan o‘qqa tutilgan.  

Lima otasining aytishicha, qizi Nikaraguada 6 yildan beri yashab kelgan va yaqin orada yurtiga qaytmoqchi bo‘lgan. Lima Nikaraguada davom etayotgan norozilik namoyishlarida halok bo‘lgani OAVga ma'lum bo‘lgan birinchi xorijlik bo‘ldi.

Nikaraguada apreldan beri hukumatga qarshi norozilik namoyishlari davom etib kelmoqda. Bu namoyishlar davomida 350 dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan. Mamlakat prezidenti Daniel Orteganing aytishicha, mamlakatga qarshi fitna uyushtirilgan.

Mavzuga oid