Adliya organlari tomonidan 2016-2018 yillarda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishida qonun hujjatlariga rioya etilishi ahvoli o‘rganildi, deb xabar bermoqda vazirlik rasmiy sayti.

Shahar va qishloqlar qiyofasini yaxshilash, ko‘p qavatli arzon uy-joylar va komplekslar qurish, shuningdek, aholi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Bu jarayon fuqarolarga tegishli ko‘chmas mulklarni, xususan, eskirgan yoki avariya holatidagi va zamon talablariga javob bermaydigan uylarni buzishni taqozo etadi.

Yer uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan 2016–2018 yillarda respublika bo‘yicha 4.689ta turar va 1.456ta noturar joylar buzilgan.

O‘rganish yer uchastkalarini olib qo‘yishda ayrim hokimliklar tomonidan qonunchilik talablari buzilganini ko‘satdi. Xususan:

1. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan 6 (olti) oy kechikmay yozma xabardor qilinishi shart bo‘lsa-da, buzilgan turar joy egalari 688ta holatda (Namangan – 569ta, Andijon – 57ta, Navoiy – 31ta, Buxoro – 22, Samarqand – 7ta) umuman xabardor qilinmagan, 985 ta holatda (Xorazm – 212 ta, Samarqand – 189 ta, Surxondaryo – 172 ta, Qoraqalpog‘iston – 125 ta) xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan.

Masalan, Namangan shahri, Uychi ko‘chasidagi 358ta turar joylar mulkdorlari yozma ravishda xabardor qilinmasdan 2016 yilning avgust oyida buzib yuborilgan. Xiva shahridagi 84ta turar joylar mulkdorlariga yozma xabar berilgandan 5–7 kun o‘tib buzilgan.

2. Nizom talablariga zid ravishda 100ta holatda (Andijon – 56ta, Navoiy –31ta, Buxoro – 6ta, Xorazm – 4ta, Namangan – 2ta, Jizzax – 1ta) buzilgan turar joylar baholanmagan bo‘lsa-da, ular uchun kompensatsiya to‘langan.

Shuningdek, 391ta holatda (Andijon – 192, Xorazm – 138, Samarqand – 37, Qashqadaryo – 14ta, Qoraqalpog‘iston – 9ta) esa turar joylar buzilgandan keyin baholangan.