O‘zbekiston | 11:59 / 25.07.2018
9731
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda onlayn oliy ta'lim tizimini joriy etish taklif qilinmoqda

Foto: shutterstock

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda onlayn oliy ta'lim tizimini joriy etish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, har yili oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirish talab darajasidan ancha yuqori bo‘lishi bu sohada qo‘shimcha tadbirlarni amalga oshirish lozimligini anglatmoqda. Xorijiy onlayn ta'lim platformalari bo‘lmish – Coursera, Edx va UdaCity tizimlari kabi onlayn oliy ta'lim dasturini yaratishni taklif qilaman. Onlayn oliy ta'lim dasturi yagona sayt orqali talabalarni chegarasiz qabul qiladi. Onlayn ta'lim tizimini ham biror universitetga qiyoslasak, bu universitetga «UzBridge» onlayn universiteti deb nom qo‘ysak ham bo‘ladi.

Davlat onlayn ta'limni tamomlagan yoshlarni ishga joylash yoki ish topib berish majburiyatini o‘z bo‘yniga olmaydi. Onlayn ta'limni tamomlaganlar o‘zlari mustaqil harakat qilib, bilimiga yarasha ish topadi.

Onlayn ta'limda o‘qib chiqqandan keyin joylarda onlayn ta'limni tamomlaganlar bilan raqobatbardoshlik darajasi oshadi. Kim bilimli bo‘lsa, o‘sha yutib ketaveradi. Odatiy an'anaviy ta'limda minglab kadrlar chiqmoqda, lekin sifatli kadrlar kam. Onlayn ta'limni tamomlagandan keyin biror tashkilotda ishlamasligi mumkin, lekin o‘zining shaxsiy faoliyatini boshlash harakatida bo‘lib, qadamlar tashlay boshlaydi. Xalq orasida o‘qimishlilar, fikrlash doirasi keng bo‘lgan shaxslar miqdori oshadi. Hayotda biror qiyinchilikka uchrasa, darrov yurtni tashlab chiqib ketib, chetda ishlashga chog‘lanavermaydi, imkon va yo‘l qidiradi. Onlayn oliy ta'lim dasturida darslar faqat internet sayti (ta'lim portali) orqali video, tekst, kitob shaklida beriladi. Har bir fandan shu sohaning yetuk mutaxassisi onlayn ta'lim dasturiga taklif qilinib, shartnoma tuzilgach, videodarslar, axborot va matnli ma'lumotlar tayyorlanib, fan, mavzular to‘liq yoritib beriladi, deyiladi murojaatda.

“Masalan, tarix fani. Shu fandan talabalarga beriladigan qanday bilim bo‘lsa, soatlarga bo‘lib, aniq qilib mavzulashtirilib videodarslar, ma'ruza materiallari tayyorlanadi. Ko‘rinib turibdiki, amaliyot talab etmaydigan har qanday fanni videodarslik orqali yanada ko‘proq talabalarga yetkazish mumkin. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, videodarsliklarni tayyorlash uchun professional jamoa tuziladi. Onlayn ta'limga talabalar onlayn test sinovlari orqali qabul qilinadi. Onlayn ta'limda tahsil olish to‘lov shartnoma asosida bo‘ladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

“Onlayn ta'limda ortiqcha qog‘ozbozlik va sarf xarajatlar kamayadi. Barcha jarayonlar, hujjatlar, topshiriqlar elektronlashtirilgan bo‘ladi. Talablar qat'iy qo‘yiladi. Ta'lim sifati alohida nazorat qilinadi. Shu munosabat bilan, onlayn ta'lim muassasalarini ochishni va bunga zarur qonuniy asoslarni yaratishni taklif qilamiz”, - deya yakunlanadi murojaat.

Mavzuga oid