O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda hukumat a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yilda investitsiya va infratuzilma loyihalari dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 2 ming 612 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, jami 6 milliard 850 million dollardan ziyod mablag‘larni o‘zlashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda mazkur sarmoyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirish holati sustligi tanqid qilindi.
Buning asosiy sabablaridan biri tarmoqlar va korxonalar rahbarlarining mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamay, mablag‘larning asosiy qismini o‘zlashtirishni yil oxiriga belgilash amaliyotidir. Yana bir sabab – kredit resurslari puxta ishlangan va hujjatlari tayyor loyihalar uchun emas, balki “oldin mablag‘ olaylik, keyin bir gap bo‘lar” qabilida jalb qilingan. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bahonasi bilan ko‘p jarayonlar murakkablashtirib yuborilgan, ortiqcha byurokratik to‘siqlar paydo bo‘lgan.
Shu kabi muammolarni bartaraf etish, investitsiya loyihalari ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash maqsadida joriy yil 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro moliya institutlari va xorijiy mamlakatlar moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar hujjatlarini tayyorlash va bajarish samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi bunday loyihalar mutlaqo yangi tizim asosida amalga oshiriladi.
Birinchidan, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va hokimliklar takliflari asosida istiqbolli loyihalarning yig‘ma ro‘yxati shakllantirilib, shu asosda Investitsiya qo‘mitasi tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tartibi belgilandi.
Ikkinchidan, loyihalarning texnik-iqtisodiy asosini Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinib, ular faqat Investitsiya qo‘mitasi va Moliya vazirligida bir vaqtning o‘zida ekspertiza qilinadi. Natijada, avval mazkur ekspertiza uchun o‘rtacha 60 kun ketgan bo‘lsa, endi 14 kun talab etiladi.

















