AQShda dunyodagi diniy erkinlikning ahvoli bo‘yicha xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. 

Anjumanda nutq so‘zlagan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston haqida ham fikr bildirib, davlatning erkin jamiyat qurish yo‘lidagi qadamlarini olqishlagan.

«Diniy erkinlik rivojlansa, mamlakat ham rivojlanadi. Shu ma'noda, biz O‘zbekistonning yanada erkin jamiyat qurish yo‘lidagi qadamlarini olqishlaymiz. Shunga qat'iy ishonamizki, diniy erkinlik darajasining avvalgiga qaraganda yuqoriroq bo‘lishi mamlakat, jamiyat va mintaqaga davomiy ijobiy ta'sir ko‘rsatadi», - deya aytib o‘tdi Mayk Pompeo.

Eslatib o‘tamiz, mazkur anjumanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining raisi Akmal Saidov ishtirok etdi.