«OLTIN ASR SERVIS» mas'uliyati cheklangan jamiyati ijodiy markazi muassisligidagi «OLTIN ASR» jurnali 2017 yildan buyon nashr etilayotgan bo‘lib, jurnal faoliyati nainki bugungi kun talablariga, balki jurnalistika norma va etikalariga ham mutlaqo javob bermaydi. Shu paytga qadar nashrdan chiqqan har bir sonida yuzlab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yish uchun jurnalist yoki noshir qanchalik «yuksak mahorat»ga ega bo‘lishi kerak?! O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan jurnalning har bir sonidagi xatolar yuzasidan ogohlantirish va taqdimnomalar berilgan bo‘lsa-da, keyingi sonlarida bundan ham qo‘pol, yangi-yangi xatolarga yo‘l qo‘yishni qanday izohlash mumkin, deb xabar bermoqda agentlik axborot xizmati.
Aslida bosma nashr, xususan, jurnallar hamisha aholining savodxonligi, bilim va saviyasini yuksaltirishga xizmat qilib kelgan. Ammo «OLTIN ASR» jurnali o‘z o‘quvchilari va obunachilari oldidagi bunday mas'uliyatni unutgan ko‘rinadi. Jurnalni qo‘lga olishingiz bilanoq xatolarga ko‘zingiz tushadi. Muqovaning o‘ziyoq jurnalning ichki sahifalarida sizni nimalar kutayotgani haqida ogohlantirish bergandek bo‘ladi.

Foto: Matbuot va axborot agentligi.

Foto: Matbuot va axborot agentligi.
Albatta, shu paytga qadar 10 ga yaqin sonini nashr etishga ulgurgan jurnal mualliflarining har bir xatosini sanab chiqishning imkoni yo‘q. Ammo misol tariqasida 2018 yilda chop etilgan 3-sonini tahlil etish kifoya. Muqovada ommaviy axborot vositalari so‘zlari qo‘shtirnoqqa olinib, «27-iyun O‘zbekiston «ommaviy axborot vositalari» xodimlarining kasb bayrami!..» shaklida yozilgan. Aslida, 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni emasmi? Yoki 40-sahifadagi «Ko‘ngil ochar bog‘ga marhabo» («Ko‘ngilochar boqqa marhabo!») sarlavhasi ostida berilgan materialda «tasarruf» – «ta'ssarruf», «zamonaviy» – «zamonvaiy», «attraksion» – «atraktsion», «albatta» – «albatda», «unutmang» – «unitmang» kabi ko‘plab imlo xatolari uchraydi. Hatto jurnal haqidagi ma'lumotlar ham imloviy va mantiqiy xatolar bilan berilgan: «Tassischi:» (Ta'sischi), «Sahifalovchi Dizayner» (Sahifalovchi dizayner), «Musahhix» (Musahhih), «marotoba» (marotaba), «orginal» (original) va hokazo. Bundan tashqari, ayrim maqolalar sarlavhasi va matnlar aynan takrorlangan, materiallarning mazmuni va sarlavhasi bir xil, matnida faqatgina joy nomlari, ismlar va raqamlar o‘zgartirilgan, xolos.


















