Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi e'lon qilindi.

Milliy gvardiya bo‘linmalarida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish istagini bildirgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar arizasi (bildirgisi) Nomzodlarni hisobga olish jurnalida ro‘yxatga olinadi.

Qoida tariqasida, nomzodlarni tanlash va harbiy xizmatga qabul qilish ekshududiylik prinsipi asosida amalga oshiriladi, alohida hollar bundan mustasno.

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga, shuningdek uning roziligiga yoxud Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilinadigan quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlariga;
tegishli yo‘llanma orqali kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga yuborilgan oliy harbiy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga;
xalqaro shartnomalar asosida o‘qishga yuborilgan, xorijiy davlatlar oliy harbiy ta'lim muassasalari bitiruvchilariga;
alohida hollarda, boshqa davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga.

Nomzodni tanlash quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:

a) nomzodni o‘rganish (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish, nomzod bilan yakka tartibda suhbatlashish);
b) umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
v) individual-psixologik o‘rganish (psixologik test sinovidan o‘tkazish);
g) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
d) nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga qabul qilish – tanlov komissiyasining xulosasi asosida amalga oshiriladi.  

Tanlov komissiyasi tanlov yakunlari natijalariga ko‘ra, tanlov muddatini kechiktirish, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli deb topilgan va tanlovda yuqori ball to‘plagan nomzodlarni kontrakt bo‘yicha «harbiy xizmatga qabul qilish» yoki ushbu Nizomda belgilangan talablarga javob bermagan hollarda «rad etish» to‘g‘risida qaror chiqaradi.