Jahon | 07:31 / 31.07.2018
3238
2 daqiqa o‘qiladi

Nikaragua prezidenti AQShni mamlakatning ichki ishlariga aralashishda aybladi

Foto: REUTERS/Jorge Cabrera

Nikaragua prezidenti Daniel Ortega AQShning mamlakatdagi zo‘ravonliklarni moliyalashtirayotganligi borasida yetarlicha dalillarga ega ekanligini bildirdi.

"Biz Nikaraguaga bir necha bor qurol bilan bostirib kirgan qudratli dushman AQSh bilan to‘qnash keldik va ular Nikaraguaning ishlariga aralashishda davom etishmoqda. Nikaragua ana shunday moliyalashtirish bo‘yicha dalillarga ega. Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Amerikaning boshqa tashkilotlari AQShdagi hisoblari orqali Nikaraguada demokratiya o‘rnatish uchun millionlar ajratishganini e'lon qilishadi", — dedi Ortega Euronews kanaliga bergan intervyusida.

Prezidentning fikricha, so‘ngra ajratilgan pullar boshqa ehtiyojlar uchun sarflanadi.

"Mamlakatni beqarorlashtirish, zo‘ravonlik va biz hokimiyatni egallagan 2007 yildan buyon jinoyatlar sodir etib kelayotgan to‘dalarning qurolli harakatlarini keltirib chiqarishga", — dedi Ortega.

USAID 20 iyul kuni Nikaraguada demokratiya va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 1,5 million dollar ajratilganini e'lon qildi. Bu mablag‘ mamlakatdagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari, inson huquqlari himoyachilari, mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Nikaraguada apreldan buyon hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Muxolifat muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Ortega bu talabni rad etib, sodir bo‘layotgan voqealarni mamlakatga qarshi fitna deb atamoqda. Namoyishlar chog‘ida halok bo‘lganlar soni 450ga yaqinlashgani xabar qilingan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid