2018 yil 1 avgustdan bir qator qonun hujjatlaridagi ayrim normalar kuchga kirdi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.
1. 2018 yil 1 avgustdan respublika hududlari kesimida aholiga suyultirilgan gazni sotishning yagona chakana narxi 800 so‘m etib belgilanadi. Bu Hukumatning 2017 yil 29 dekabrdagi qarorida nazarda tutilgan. Bu kungacha suyultirilgan gaz narxi hududlar kesimida 500 so‘mdan 720 so‘mgacha belgilangan edi.
2. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasi oshirish faoliyati bilan bugundan boshlab nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin.
3. 2018 yil 1 avgustdan quyidagi tashkilotlar tugatiladi:
• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat don inspeksiyasi;
• Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish bosh davlat inspeksiyasi;
• Chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspeksiyasi;
• «O‘zsuvnazorat» respublika suv inspeksiyasi;
• «O‘zdavurug‘nazoratmarkaz» qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi;
• «O‘zstandart» agentligining «O‘zbekiston paxta mahsulotlarini sertifikatlash «Sifat» markazi» davlat korxonasi.
4. “O‘zbekiston Respublikasida gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarning tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq endilikda grippning og‘ir shakllariga va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarni yuqtirganlikda gumon qilinayotgan shaxslarga ushbu virus turlari bo‘yicha majburiy tashxis qo‘yish bo‘yicha norma bugundan kuchga kirdi.
5. 2018 yil 1 avgustdan boshlab shtatdagi xodimlarining 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan tashkil topgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari korxonalari jami xodimlarining mehnatiga haq to‘lash fondi uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 4,7 foiz miqdorda belgilanadi.
6. 2018 yil 1 avgustdan maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish uchun hududlarni tadbirkorlarga biriktirib berish faqat tanlov asosida, nol stavkadan boshlanuvchi elektron auksion yo‘li bilan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

















