O‘zbekiston | 10:49 / 01.08.2018
42028
2 daqiqa o‘qiladi

Test-2018. 834 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan

Foto: Facebook/Aziz Abduhakimov

Test sinovlari materiallari Feldegerlik xizmati, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan, ularning maxfiyligi va daxlsizligini ta'minlagan holda 31 iyul kuni respublikaning barcha hududlariga yetkazildi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook’dagi sahifasida xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1 avgust kuni ertalab soat 6:00ga qadar barcha oliy ta'lim muassasalariga test materiallari tarqatilgan.

Test sinovlari barcha oliy ta'lim muassasalarida bir vaqtda 8:00dan boshlandi. Test sinovlarida 15ta oliy ta'lim muassasalarining 50ta ta'lim yo‘nalishida 30 ming 690 nafar abituriyent ishtirok etmoqda.

Tezkor ma'lumotlarga ko‘ra, 834 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlariga kelmagan.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta'lim muassasalaridan 1681nafar binolar rahbarlari guruhlar kuzatuvchilari jalb etildi.

Ularning hammasi test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan.  

Test sinovlari o‘tkaziladigan 59ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Abituriyentlar uchun test sinovlari o‘tkaziladigan barcha auditoriyalarda ichimlik suvi tashkil etilgan.

Har bir test sinovlari o‘tadigan binoda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilgan.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 shaxsiy tarkib xodimi, 1206ta aloqa vositalari, 694ta metallodetektorlar, 289ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilingan.

Barcha test sinovlari o‘tadigan binolarda birinchi smenada test sinovlari soat 11:00da yakunlanadi. Ikkinchi smena 15.00da boshlanadi.

Shu kunning o‘zida test sinovlari natijalari Davlat feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta'minlagan holda Davlat test markaziga qaytariladi.

Mavzuga oid