O‘zbekiston | 12:15 / 03.08.2018
10787
6 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini kim xarid qilishi va sotishi mumkin?

Foto: Flickr

Vazirlar Mahkamasining 30.07.2018 yildagi 596-son qarori bilan Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xarid qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, Jamg‘arma 400 mlrd so‘mlik boshlang‘ich badal bilan 2017 yil iyunda tashkil etilgan. U ichki bozordagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab va taklif mavsumiy va boshqa sabablarga ko‘ra keskin o‘zgarishining oldini olishga mo‘ljallangan. Birinchi navbatda – go‘sht, o‘simlik va hayvon yog‘i, g‘alla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz, shuningdek boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari turlariga. 2018 yil 1 aprelgacha Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom amal qilgan.    
 
Tayyorlov tashkilotlari qanday tanlab olinadi
 
Ichki bozordagi talab va takliflarning mavsumiy va boshqa keskin o‘zgarib turishiga nisbatan tezkor choralar ko‘rish uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilish bo‘yicha tayyorlov tashkilotlarining muntazam yangilab boriladigan reyestri oldindan shakllantiriladi. Uni hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etiladigan materiallar asosida Respublika komissiyasi (23.06.2017 yildagi PQ–3082-son qaror bilan tashkil etilgan) shakllantiradi va yuritadi. Reyestr hududiy komissiyalar takliflari hisobga olingan holda har oyning 5-sanasigacha yangilanadi.   
 
Reyestrga kiritish oldidan tanlov o‘tkaziladi. Har yili yanvarda uning o‘tkazilishi haqida YaIDXPda va xarid.uz portalida e'lon joylashtiriladi. Reyestrga kirish maqsadida tanlovda ishtirok etish uchun hududiy komissiyaga quyidagilarni taqdim etish zarur:

• tasdiqlangan shakldagi ariza;
• hisob-kitob raqami holati to‘g‘risida ma'lumotnoma;
• ulgurji savdoni amalga oshirish huquqiga litsenziya mavjudligi to‘g‘risida ma'lumot;
• talabgorda ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun o‘zining yoki ijaraga olingan omborxonalari hamda savdo shoxobchalarining mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
• shartnomani ijro etish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslar mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
 
Takliflar bildirilgan buyurtmanomalar e'londa ko‘rsatilgan muddat boshlanguncha qabul qilinadi. Shundan so‘ng kelib tushgan takliflar 3 kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi va baholanadi. Quyidagi mezonlarni hisobga olgan holda shartnomani ijro etish uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni taklif etgan tayyorlov tashkiloti g‘olib bo‘ladi:

• shartnomani ijro etish uchun talabgorda zarur texnik, moliyaviy, moddiy, kadrlar resurslari va boshqa resurslarning mavjudligi;
• soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qarzdorlikning yo‘qligi;
• ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini tegishli ravishda saqlash va sotish uchun o‘zining omborxonalari yoki ijaraga olingan omborlar hamda savdo shoxobchalarining mavjudligi.
 
Bir necha teng qiymatli takliflar tushgan taqdirda xaridlarda ishtirok etish uchun birinchi bo‘lib ariza bergan talabgorga ustunlik beriladi.
 
Tanlov natijalari bayonnomada qayd etiladi, u hududiy komissiyaning barcha a'zolari tomonidan imzolanadi, undan ko‘chirma esa u imzolangan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida maxsus axborot veb-portalida e'lon qilinadi. Tayyorlov tashkilotidan tanlov natijalari bo‘yicha tushuntirish berish to‘g‘risida so‘rov tushganda hududiy komissiya u tushgan sanadan boshlab 3 ish kuni mobaynida o‘z tanlovi asoslangan tushuntirishni taqdim etishi shart.    
 
So‘ng hududiy komissiya tanlab olingan tayyorlov tashkilotlari ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi hamda uni Respublika komissiyasiga taqdim etadi, u Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qiluvchi va sotuvchi tayyorlov tashkilotlari reyestrini shakllantiradi.
 
Tovarlar qanday xarid qilinadi va sotiladi
 
Jamg‘arma mablag‘lari tayyorlov tashkilotlari va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish asosida Moliya vazirligi tomonidan foizsiz qarz shaklida ajratiladi. Shartnomaga qarzni qoplash jadvali va tayyorlov tashkilotiga xizmat ko‘rsatuvchi bankning qarzni qaytarish bo‘yicha kafolati ilova qilinadi.
 
Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilinadi:

• ichki bozorda – yetkazib beruvchilar va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) asosida, dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan esa «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tashkilotlari tomonidan dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq;
• tashqi bozorda (import) – faqat tovar-xom ashyo birjalarining, shu jumladan xorijiy birjalarning ochiq elektron savdolar tizimi orqali. Bunda joriy yil oxirigacha import tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi (bojxona yig‘imlari bundan mustasno).
 
Bayon etilgan tartibda xarid qilingan tovarlar Respublika komissiyasi belgilaydigan narxlar bo‘yicha, faqat Tayyorlov tashkilotlari reyestriga kiritilgan savdo shoxobchalarida sotiladi.
 
Hujjat 1.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid