Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida prezidentning «Xalq ta'limi tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi muhokama qilinmoqda. Hujjatda yuqori toifali mutaxassislar uchun xalq ta'limi muassasalari jozibadorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish nazarda tutilgan, deb yozadi Norma.
 
Ta'lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etiladi

Vasiylik kengashlarini tugatish va yuridik shaxsni tashkil etmaydigan xalq ta'limi muassasalarining kuzatuv kengashlarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqilgan. Yangi tuzilmalar ota-onalar qo‘mitalari vakillari, pedagog xodimlar, bitiruvchilar va homiylar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tashkil topadi. 

Quyidagilarni kuzatuv kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilash taklif etilmoqda:

• ta'lim muassasalari direktorlarini Xalq ta'limi vazirligi tavsiya etgan nomzodlar orasidan tanlab olish, shuningdek ularni egallab turgan lavozimidan ozod qilish bo‘yicha takliflar kiritish;
• ta'lim muassasasini rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar kiritish;
• ta'lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, uning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, byudjyet, byudjyetdan tashqari, homiylik va boshqa mablag‘larni sarflashdan daromadlar va xarajatlar to‘g‘risida direktorlarning hisobotlarini vaqti-vaqti bilan eshitish;
• yillik moliyaviy rejalar va xarajatlar smetalarini kelishish;
• ta'lim muassasasi direktorining taqdimnomasiga asosan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar tariflari, ta'lim muassasasi xonalari va boshqa mol-mulkining ijara haqi miqdorlarini tasdiqlash;
• ta'lim sifati, o‘qituvchilarning bilimi va pedagoglik mahorati, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli monitoring o‘rnatish;
• o‘quvchilar va ularning ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog va rahbar kadrlar haqidagi fikrlarini sinchiklab o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish.
 
Xalq ta'limi muassasalari faqat XTVga bo‘ysunadi