Sport | 17:39 / 07.08.2018
18128
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Ektor Kuperning O‘zbekistondagi sarguzashtlari boshlandi

Kecha Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani tashkil qilindi. Anjuman nihoyasiga yetishi bilanoq Ektor Kuper o‘zbek futboli bilan yaqindan tanishishni boshlab yubordi, deb yozadi O‘FA rasmiy sayti.

Foto: ufa.uz

Ektor Kuperning dastlabki tashrifi “Bunyodkor” futbol akademiyasiga uyushtirildi. U yerda mutaxassis futbolchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, mashg‘ulot zallari, futbol maydonlari, bolalar istiqomat qiladigan yotoqxonalar bilan tanishdi. Ijobiy taraflari va kamchiliklar haqida o‘z fikr va maslahatlarini berib o‘tdi.

Shundan so‘ng Ektor Kuper “Milliy” stadioniga tashrif buyurdi. Stadionni ko‘zdan kechirib, o‘zbek futboli tarixi muzeyini aylandi. “Milliy” stadionga uyushtirilgan tashrif so‘ngida faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikrlarini yozib qoldirdi.

Foto: ufa.uz

“Milliy” stadiondan chiqqach Ektor Kuper Toshkent temiryo‘l muhandislari instituti hududida joylashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari sport stadioni”ga bordi. U yerda Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining mashg‘ulotini kuzatdi. Murabbiy va futbolchilar bilan tanishib, ular bilan suhbatlashdi. Mashg‘ulot oxirida Ravshan Haydarov va uning jamoasiga Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida omad tiladi.

«Tribuna.uz» Ektor Kuperning O‘zbekistonga tashrifi va ilk matbuot anjumaniga bag‘ishlab kichik videolavha tayyorladi.

Futbol olamidagi shu va boshqa eng so‘nggi yangiliklarni kuzatib borish uchun Tribuna’ning YouTube`dagi sahifasi hamda Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.

Mavzuga oid