Kepa Arrisabalaga nomini ko‘pchilik kecha, «Chelsi» uni darvozabonlar uchun futbol tarixidagi rekord summa – 80 million yevro evaziga sotib olganidagina eshitishdi. Uch haftagina oldin Buffonning 17 yillik rekordini buzgan Alisson taxtda uzoq turmadi. Kepa endi nafaqat futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon, shuningdek, ispaniyalik futbolchilar ichida ham bu reytingning eng yuqorisiga chiqib oldi. U Alvaro Morata va Diyego Kostani (66 million yevro) qimmatbaho ispan futbolchilari ruyxatidan pastga tushirib yubora oldi.

Umuman olganda, «Atletik»ka qoyil qolish kerak. Bilbaoliklarning so‘nggi yillardagi transferlariga bir qarang: 2012 yilda Xavi Martines uchun 40 million yevro, Ander Errera uchun 36 million yevro, Emerik Lyaport uchun 65 million, Kepa uchun 80 million yevro. Dunyo futbolida u qadar yulduz bo‘lib tanilmagan 4 nafar futbolchi uchun 221 million yevro. «Atletik» menejmentiga faqat qarsak chalish mumkin.
Aslida Kepa u qadar «noneym» emas, u La Liga muxlislariga, ayniqsa, «Real» ishqibozlariga tanish. Aynan «Real»ning bu darvozabonga qiziqishi uning narxini shu qadar osmonga sapchitib yuborganini balki bilmasangiz kerak. Gap shundaki, «Real» bu darvozabon bilan yanvarda ham qiziqib ko‘rgan va hatto Kepa Madridda tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgandi. Ammo so‘nggi pallada Zidan bu transferga «veto» qo‘ydi. U mavsum davomida asosiy darvozabonni o‘zgartirishni istamagandi.
Bundan tashqari, ushbu transferning sodir bo‘lmagani haqida boshqa versiyalar ham bor. Ba'zilar, aslida darvozabonning o‘zi «Real»ga o‘tishni istamaganini aytishadi.
«Men bunday qarorni qabul qilishdan oldin obdon o‘ylashim kerak edi. Faoliyatimning eng muhim bosqichida aynan qaysi yo‘ldan ketishim kerakligi haqida o‘yladim, oilam, yaqinlarim bilan maslahatlashdim, barchasini taroziga solishim kerak edi» – deb javob beradi Kepa undan Madridga o‘tmagani sabablari haqida so‘ralganda.
Natijada «Atletik» Kepa Arrisabalaga bilan yangi 2025 yilgacha muljallangan shartnoma tuzdi va natijada belgilangan 20 million yevrolik tovon puli 80 millionga ko‘tarildi.
Qizig‘i, bu voqeadan bir necha oy o‘tib, darvozabon o‘ziga xos uslubda madridliklardan «qasdini olgandi». «Santyago Bernabeu»da kechgan o‘yinda u «Atletik» libosida shu qadar ajoyib seyvlarni amalga oshirdiki, «Real» kimni qo‘ldan chiqarganini his qilgan bo‘lsa kerak. O‘sha o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan, «Atletik» Madriddan bir ochko olib ketishga muvaffaq bo‘lgandi.
















