O‘zbekiston | 10:30 / 10.08.2018
7259
3 daqiqa o‘qiladi

EKIH indeksatsiyasi ijtimoiy to‘lovlar summasiga ta'sir ko‘rsatadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 7.08.2018 yildagi PF–5504-son Farmonida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma.
 
Shu paytgacha kam ta'minlangan oilaga oylik moddiy yordam (1,5 EKIHdan 3 EKIHgacha), shuningdek bola 2 yoshga to‘lguncha uni parvarishlash bo‘yicha onalarga to‘lanadigan nafaqalar summalari (1.01.2003 yildan – EKIHning 200%i) yil boshida belgilangan eng kam ish haqidan kelib chiqib hisoblanar edi.
 
Masalan, 2016 yil mart oyida ayol bolani parvarishlash ta'tiliga chiqib, oylik nafaqa ola boshladi. Yil boshida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (130 240 so‘m) kelib chiqib, nafaqa summasi 260 480 so‘mni (130 240 x 200%) tashkil etdi. 2016 yil 1 oktabrdan EKIH 15%ga, 149 775 so‘mgacha indeksatsiyalandi. Biroq amaldagi tartib sababli bu nafaqa summasini hisoblab chiqarishga ta'sir ko‘rsatmadi va ayol yil oxirigacha qolgan chorak davomida 260 480 so‘m olishda davom etdi. Indeksatsiya nafaqa oluvchida faqat 2017 yil yanvarda aks etdi.       
 
Prezidentning quyidagi farmonlariga o‘zgartirishlar kiritilishi bilan vaziyat o‘zgardi:

• 23.08.1994 yildagi «Kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirishga oid tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–938-son;  
• 25.01.2002 yildagi «Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish to‘g‘risida»gi PF–3017-son.  
 
Endi yuqorida ko‘rsatilgan moddiy yordam va oylik nafaqalar summalari yil davomida amalga oshirilgan indeksatsiyalarni hisobga olgan holda amaldagi eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblab chiqariladi.
 
Ma'lumot uchun: ishlayotgan onalarga bolani 2 yoshga to‘lguncha parvarish qilish bo‘yicha nafaqalar ish beruvchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga to‘lanadi (Ishlayotgan onalarga bolani ikki yoshga to‘lgungacha parvarish qilish bo‘yicha har oylik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5, 13-bandlari). Ishlamaydigan ayollar va byudjyet sohasi xodimalariga ushbu nafaqa, shuningdek kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom doirasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mahalliy byudjyetlar mablag‘lari va byudjyetdan tashqari manbalardan to‘lanadi.     
 
Hujjat 8.08.2018 yildan kuchga kirdi.  

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid