O‘zbekiston | 08:57 / 11.08.2018
6438
3 daqiqa o‘qiladi

MChJ dividendlarini to‘lashning cheklangan muddatini qonunda qayd etish taklif etilmoqda

Foto: Dreamstime

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida «Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar loyihasi joylashtirildi, deb yozmoqda Norma.
 
Birinchidan, jamiyat ustav fondidagi ulushning (ulush bir qismining) o‘tishi mexanizmiga yangi tartibni joriy qilish taklif etilyapti. Agar ulushi bo‘lmagan yoki 50%dan kam bo‘lgan shaxs 50% va undan ortiq ulushga ega bo‘lsa, u qolgan ishtirokchilarga o‘z ulushlarini bozor qiymatida unga sotishlarini taklif etishi shart bo‘ladi. Bu qoida ana shunday shaxs sifatidagi davlatga taalluqli bo‘lmaydi.
 
Taklifni e'lon qilish muddati – 30 kun. Ishtirokchilarga taklifni, agar bunday tartib ustavda belgilangan bo‘lsa, jamiyat orqali yuborish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Xabar berilgan kundan e'tiboran 30 kunlik muddatda ishtirokchilarning o‘zlariga tegishli ulushlarni sotishga yozma roziligi kelib tushgan taqdirda, jamiyat ulushining 50 va undan ortiq foizining egasi ularning ulushini sotib olishi kerak. 
 
Muallifning fikricha, bu chora «nazorat paketi» egasi bo‘lgan shaxs o‘zgarganda (yoki yangisi kelganda) korporativ nizolar yuzaga kelishi xatarini kamaytirishga yo‘naltirilgan.
 
Ikkinchidan, jamiyatda dividendlar to‘lanadigan muddatni belgilash rejalashtirilmoqda. Ayni paytda qonunda bu muddat qayd etilmagan, shu bois mazkur masala lokal hujjatlar: ustav, ta'sis shartnomasi yoki foydani taqsimlash to‘g‘risidagi qarorda hal etilmoqda.
 
Aktsiyadorlik jamiyatlaridagiga o‘xshash tartibda dividendlarni to‘lash uchun cheklangan muddatni – jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida foydani taqsimlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmasdan to‘lanadigan qilib belgilash taklif.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid