Bugun, 20 avgust sanasida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari davom ettirilmoqda.

Bugun erkin kurash bo‘yicha ayollar jamoasining 3 vakili, erkaklar jamoasining bir vakili bahslarga qo‘shildi.

125 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Davit Modzmanashvili nimchorak finalda indoneziyalik Dimas Septo Anugharaga qarshi gilamga chiqib, birinchi raunddayoq hisobni 10:0 ko‘rinishiga keltirdi va sof g‘alabaga erishib, keyingi bosqichga chiqdi.

Foto: Anvar Ilyasov

U chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Natsagsuren Zolboo ustidan 3:0 (1:0, 2:0) hisobida g‘alaba qozondi va yarim finalga yo‘l oldi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Endi u final yo‘llanmasi uchun eronlik Parviz Hadizodaga qarshi bahs yuritadi.

Ayollar kurashida esa 50 kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Dauletbike Yaxshimuratova nimchorak final bahsida vetnamlik raqibasi Nguen Ti Xuan ustidan 12:2 (0:2, 12:0) hisobida g‘alaba qozondi.

Unga chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Erdensuk Narangerel raqib bo‘ldi. O‘ta qiyin kechgan bahs davomida ochkolar bo‘yicha ortda borgan (1:0, 4:6) O‘zbekiston vakili bahs oxirida raqibining kuragini yerga tekkizib, sof g‘alabaga erishdi.

Foto: Anvar Ilyasov
Foto: Anvar Ilyasov

Ammo yarim final uning uchun omadsiz kechdi. Hindistonlik Vinesh Vineshga qarshi kurashgan Yaxshimuratova 0:10 hisobida yutqazdi. U endi bronza uchun kurashadi.