Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarining taekvondo bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan Nikita Rafalovich Kun.uz muxbiriga intervyu berdi.

«Kayfiyatlar juda yaxshi. Bunga uzoq vaqtdan beri harakat qilayotgandim, avvalgi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonishning imkoni bo‘lmagandi. 4 yil davomida tinmay ishladim, o‘ziga yarasha tajriba orttirdim. Rejalar katta. 5ta medalni qo‘lga kiritish niyatim bor edi - Olimpiada, Jahon chempionati, Osiyo chempionati, Osiyo o‘yinlari, Katta dubulg‘a musobaqasi. Shulardan uchtasi qoldi.

Bu yilgi Osiyo o‘yinlarida yarim final ko‘proq taktik bo‘ldi. Raqibimni yaxshi bilardim. U bilan jang olib borish ham qiyin edi, sababi bir-birimizning kuchli jihatlarimizni yaxshi bilardik. Biroq, baribir g‘alaba qozondim.

Osiyo qit'asida taekvondo bo‘yicha 3-o‘rindamiz, Eron va Koreya biroz oldinroqda. Ammo, bu sport turi bo‘yicha rivojlanish katta, yosh, umidli vakillarimiz bor», - deydi Rafalovich.















