O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining beshinchi kunida 11ta sport turi bo‘yicha ishtirok etishdi va jami beshta medal qo‘lga kiritishdi.
Akademik eshkak eshish
Kunning birinchi qismida akademik eshkak eshuvchilar jamoasi medallar dastasini qo‘lga kiritishdi. Juftlik bahslarida Shahboz Xolmurzayev va Shahboz Abdujabborov o‘z chiqishlarida marraga birinchi bo‘lib yetib borishdi va oltin medalni terma jamoa hisobiga qo‘shib qo‘yishdi.

So‘ngra Sardor To‘lqinxo‘jayev va Alisher Turdiyevdan tashkil topgan boshqa bir juftlik medallar uchun startga chiqishdi va ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

To‘rtlik bahslarida ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari esa (Islambek Mambetnazarov, Otamurod Rahimov, Shehroz Hakimov, Zafar Usmonov) bronza medalini sport delegatsiyamizga taqdim etishdi.
Taekvondo WTF

Taekvondo bo‘yicha -49kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan 17 yoshli Madinabonu Mannopova musobaqa davomida Hongkong, Livan va Yaponiya vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda esa tailandlik Panipak Vongpattanakitga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal sohibasiga aylandi.




















