Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yosh akademiklar” klubi va “Akademik shogirdi” faxriy nishoni nizomlarini tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyuldagi 559-son qarori ijrosini ta'minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Davlat test markazi ishtirokida yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb qilishga yo‘naltirilgan yaxlit tizimni shakllantirish maqsadida Fanlar akademiyasi tarkibida “Yosh akademiklar” klubi tashkil etilishi mumkin.
“Akademik shogirdi” faxriy nishoni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan umumiy o‘rta maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlar o‘quvchilari hamda Oliy ta'lim muassasalarining iqtidorli talabalaridan tashkil topgan “Yosh akademiklar” klubi a'zolari orasidan o‘quv seminarlari davrida mehnatsevarligi, ilm sohasidagi faolligi, erishgan yutuqlari, iqtidori, ilmiy salohiyati bilan alohida ajralib turgan, ilmiy-tadqiqot olib borishga ishtiyoqi baland yoshlarni munosib taqdirlash maqsadida topshiriladi.
Mazkur qarorning bajarilishida:
- O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev) – «Yosh akademiklar» klubi faoliyatini tashkil etsin, bunda Respublikada akademiklar va boshqa yetakchi olimlarning rahbarligida iqtidorli yoshlarni ilmiy bilimlarni chuqur o‘rganish va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishga ko‘maklashish va maqsadli jalb etish choralarini ko‘radi;
- Xalq ta'limi vazirligi (Sh.Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (I.Madjidov) – umumiy o‘rta maktab va akademik litseylaridagi iqtidorli o‘quvchilarni saralash, ularni ilmiy faoliyatga maqsadli jalb etish uchun har bir tuman (shahar)da tashkil etilgan tayanch maktablarda tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha shakllantirilgan akademik guruhlarida Fanlar akademiyasining akademiklari, oliy ta'lim muassasalarini professor-o‘qituvchilari hamda oliy toifali o‘qituvchilarni jalb etgan holda muntazam maqsadli mashg‘ulotlar tashkil etish choralarini ko‘radi;
- Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (I.Madjidov) – kasb-hunar kollejlari va Oliy ta'lim muassasalaridagi iqtidorli o‘quvchi va talabalarni saralash, ularni ilmiy faoliyatga maqsadli jalb etish uchun har bir viloyatning tegishli oliy ta'lim muassasalarida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha shakllantirilgan akademik guruhlarida Fanlar akademiyasining akademiklari, oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini jalb etgan holda muntazam maqsadli mashg‘ulotlar tashkil etish choralarini ko‘radi;














