Bugun, 27 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta hamda Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining to‘qqizinchi kun musobaqalari o‘tkazildi. Bugungi bahslarda 21 nafar o‘zbekistonlik sportchi 7 sport turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishdi. Shuningdek, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi futbol musobaqasining chorak finalida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi bugun 3ta medal bilan kifoyalandi - 2 kumush va 1 bronza.

Sinxron suzish
Saralash bahslarida ishtirok etgan Anastasiya Morozova va Anna Yeltisheva tandemi o‘z chiqishida 77,78 ball bilan beshinchi natijani qayd etdi va finalga yo‘llanma ololmadi.

Yengil atletika
Balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqa finalida qatnashgan Dmirtiy Melsitov medal ololmadi - u 2,20 m natija ko‘rsatib, 9-o‘rinda qoldi. Birinchi o‘rinni 2,30 m natija qayd etgan xitoylik Vang Yu egalladi.

800 m masofaga yugurish bo‘yicha saralashda ishtirok etgan Xurshidjon Ahmadaliyev 1:51.49 daqiqa natija bilan 17-o‘rinni egalladi.

Karate. WKF
Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik 4 nafar karatechi ishtirok etdi.

O‘zbekiston karate jamoasining -50 kg vazn toifasidagi vakili Bahriniso Babayeva Osiyo o‘yinlari kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Foto: Bahriniso Babayeva / Kun.uz

Bahriniso Babayeva finalga qadar filippinlik Junna Sukini, Birlashgan Arab amirliklari vakili Alajmi Havrani va tailandlik Raksachart Pavinani mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo oltin medal uchun Xitoy Taypeyi vakilasi Shiashuang Guga qarshi tatamiga chiqib, 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi.

-84 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shahboz Axatov bronza medali uchun jangda Xitoy Taypeyi vakili Vu Chunveyga imkoniyatni boy berdi.

-68 kg vazn toifasidagi Dildor Annadurdiyeva hamda -75 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Dastonbek Otabolayev turnirdagi ishtirokini erta yakunladi.