Sport | 10:57 / 29.08.2018
12160
3 daqiqa o‘qiladi

Denis Istomin Osiyo o‘yinlari finalidan so‘ng, 16 ming kilometr masofani bosib o‘tib, US Open bahsida ishtirok etdi

O‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin AQSh ochiq chempionati (US Open) birinchi davrasida Stiv Jonsonga 3:6, 6:7, 3:6 hisobida yutqazdi. Hamyurtimiz uchun Nyu-Yorkdagi o‘yin omadli kelmadi, biroq u yergacha bosib o‘tilgan yo‘l afsonaviy bo‘ldi.

Foto: REUTERS/Edgar Su

Sports.ru jurnalisti Pavel Nitkin bu haqda o‘z maqolasini taqdim qildi.

25 avgust kuni Istomin Osiyo o‘yinlari finalida xitoylik 18 yoshli tennischi, US Open o‘smirlar chempionatining amaldagi g‘olibi Ibin U bilan bellashib, 2:6, 6:2, 7:6 hisobida g‘alaba qozondi. Bahs Indoneziyaning Palembang shahrida o‘tkazildi.

Uch set davom etgan va yomg‘ir tufayli, biroz to‘xtatib turilgan final bahsi, taqdirlash marosimi va matbuot anjumanidan so‘ng, Istomin Nyu-York shahriga uchib ketdi. Shaharlar o‘rtasidagi masofa 15 807 kilometr bo‘lib, uni bosib o‘tish uchun kamida 25 soat vaqt sarflanadi va 2ta reys kerak bo‘ladi.

Istomin Jakarta va Istanbul orqali uchib ketdi va yo‘lga 27 soatdan ortiq vaqt sarfladi.

Foto: REUTERS/Edgar Su

Qayd qilish joizki, Jonson ham shanba kuni boshqa shahardagi bahsda ishtirok etgandi. Ammo uning raqamlari kamtarona: Uinston-Seylem va Nyu-York orasidagi masofa taxminan 900 kilometrni tashkil qiladi. Unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys mavjud va taxminan 2 soat vaqt sarflanadi.

O‘z navbatida Indoneziya va Nyu-York o‘rtasidagi vaqt tafovuti 11 soat ekanini ham inobatga olish lozim. Demak, Denisdagi uzoq yo‘ldan toliqish alomatlariga og‘ir akklimatizatsiyani ham qo‘shish darkor.

Xo‘sh, Istomin nega o‘zini bunchalik qiynadi? Birinchidan, u O‘zbekiston sharafini xalqaro turnirlarda himoya qilish imkoniyatini hech qachon boy bermaslikka harakat qilishini aytdi. Ikkinchidan, Osiyo o‘yinlaridagi g‘alaba orqali 31 yoshli Denis Tokio-2020 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Foto: REUTERS/Edgar Su

66,5 soat ichida Denis Istomin Osiyo o‘yinlari finalida g‘alaba qozondi, 16 ming kilometr masofani bosib o‘tdi va US Open bahsida ishtirok etdi. Qahramon!

Mavzuga oid