O‘zbekiston boks jamoasining barcha vakillari Osiyo o‘yinlari finalida o‘ynaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, -75 kg toifasida Osiyo chempioni bo‘lgan Isroil Madrimov yarim finalda murakkab jang o‘tkazdi.

Filippinlik Marsial Feliksga qarshi jang davomida Madrimov nokdaun holatiga ham tushib qoldi. Ammo u jangning asosiy vaqtini hujumda o‘tkazdi va yakunda hakamlar Madrimovni g‘olib deb topishdi - 3:2 (27:28, 27:28, 28:27, 28:27, 28:27).

Endi u finalda qozog‘istonlik Abilxan Amanqul bilan oltin medal uchun bahs olib boradi. Qozog‘iston vakili yarim finaldan jangsiz o‘tdi, uning raqibi, hindistonlik Vikash Krishan jangga chiqmadi va unga texnik mag‘lubiyat yozildi.

Shu tariqa, Osiyo o‘yinlari finalida oltin medal uchun jang qiladigan o‘zbekistonlik bokschilar soni 7 nafarga yetdi. Bungacha -49 kg vazn toifasidagi Hasanboy Do‘smatov, -52 vazn toifasidagi Jasurbek Latipov, -56 kg vazn toifasidagi Miraziz Mirzaxalilov, -60 kg vazn toifasidagi Shunqor Abdurasulov, -64 kg vazn toifasidagi Iqboljon Xoldorov hamda -69 kg vazn toifasidagi Bobousmon Baturov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.