Osiyo o‘yinlarida erkaklar o‘rtasida boks bo‘yicha musobaqalar O‘zbekiston vakillarining mutlaq ustunligida yakunlandi.

-75 kg vazn toifasidagi final bahsida Isroil Madrimov qozog‘istonlik Abilxan Amankulga qarshi chiqdi va 3:2 (27:28, 27:28, 28:27, 29:26, 28:27) hisobida g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari oltin medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik bokschilar Osiyo o‘yinlarida 5ta oltin medalni qo‘lga kiritishdi.

Bungacha Jasurbek Latipov (-52), Miraziz Mirzaxalilov (-56 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg) va Bobousmon Boturov (-69kg) oltin medallarni qo‘lga kiritishgandi. Hasanboy Do‘smatov (-49 kg) va Shunqor Abdurasulov (-60 kg) esa finalda yutqazishdi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi oltin medallar sonini 20taga yetgan. Umumiy reytingda 68 medal (20 oltin, 23 kumush va 25 bronza) bilan O‘zbekiston beshinchi o‘rinda joylashgan.