Allergik reaksiyaga sabab bo‘luvchi ko‘p omillar talaygina, organizm ba'zan bir qarashda mutlaqo zararsizdek ko‘ringan o‘simliklar changi, jonivorlar juni, oziq-ovqat mahsulotlari kabilardan himoyalanganda allergiya yuzaga keladi. Allergiya yengil kechishi ham, hayotga xavf soladigan darajada og‘ir o‘tishi ham mumkin.
O‘simlik changi
Turli o‘simliklar, daraxtlar, o‘t va butalarning changlari mavsumiy allergiya yoki pollinozni keltirib chiqaradi. Aksirish, burun bitishi yoki rinoreya, ko‘z qichishi va ko‘p ko‘z yosh ajralishi pollinoz belgilari hisoblanadi. Kasallikka qarshi kurashda shifokor retsepti bilan va retseptsiz sotiluvchi dori vositalari hamda allergen-spetsifik immunoterapiya yordam beradi. Belgilar paydo bo‘lishi oldini olish maqsadida o‘simliklar changi maksimal qayd etiluvchi shamol esgan kunlari uyda qolishni, deraza oynalarini yopishni va konditsioner yoqishni tavsiya qilamiz.

Jonivorlar
Uy hayvonlarini ko‘pchilik yaxshi ko‘radi, albatta, biroq sizda uning so‘lagidagi moddalar va terisidagi yog‘ bezlari sekretsiyasiga allergiya paydo bo‘lishi mumkin. Ta'kidlash joizki, allergiya darhol yuzaga kelmaydi: uning belgilari paydo bo‘lishigacha 2 yil o‘tishi ham mumkin. Jonivorlarga nisbatan allergiyaning oldini olish uchun uni aslo yotoqxonaga qo‘ya ko‘rmang, uzun junli gilamlardan voz keching, ularni yuvilishi oson bo‘lgan gilamchalarga almashtiring, shuningdek uy hayvonlarini muntazam ravishda yuvintirib turing. Jonivor juniga allergiya paydo bo‘lgan taqdirda, allergen-spetsifik immunoterapiya yaxshi samara beradi.

Chang mitalari
Bu mitti qo‘ng‘izchalar choyshablar, matraslar, mebel qoplamalari, gilamlar va pardalarda yashaydi. Ular odamlar va hayvonlar terisining o‘lik hujayralari, shuningdek o‘simliklar changi, bakteriyalar va zamburug‘lar bilan oziqlanadi. Ular namlik darajasi yuqori bo‘lgan inshootlarda bo‘ladi. Chang mitalaridan qutulish uchun choyshabni almashtirish, ularni har hafta qaynoq suvda yuvish va matraslarni ham gipoallergen material bilan qoplash kerak bo‘ladi. Gilam, parda va yumshoq o‘yinchoq kabi chang yig‘uvchilarning esa imkon qadar uyda bo‘lmagani yaxshi.
















