Odatda, juft yillardagi sentabrda Yevropada Yevro yoki JCh saralash o‘yinlari boshlanishi kerak edi. Ammo bu safar yangi turnir – UYeFA Millatlar Ligasiga start beriladi. Shu yilning sentabr-noyabr oylaridagi terma jamoalar uchun mo‘ljallangan FIFA kunlarida Yevropa terma jamoalari ushbu turnirda ishtirok etishadi.
2019 yilning yozida bo‘lib o‘tadigan final bosqichida bu turnirning ilk g‘olibi aniqlansa, yana boshqa kuchli terma jamoalarda Yevropa chempionati yo‘llanmasini ertaroq hal qilish imkoni bor. Shuning uchun shu yilning kuzida biz bir qator katta o‘yinlarni kuzatish imkoniga ega bo‘lamiz. Keling, bir boshdan.
BU NeGA KeRAK?
Saralash o‘yinlari borasida nimadir qilish lozimligi ancha oldindan munozara qilinayotgandi. Ma'lumki, futbolni endi boy klublar boshqarmoqda, daromad keltiradigan ham, yulduz futbolchilarga millionlab maosh to‘laydiganlar ham aynan shu klublar. Ular esa, arzimas terma jamoa o‘yinlaridagi jarohatlar tufayli o‘z «aktiv»larini yo‘qotib qo‘yishni istamaydilar. O‘z-o‘zidan futbolchilarga bosim paydo bo‘ladi, ularda terma jamoa yig‘inlarini deb o‘z sport formasini, asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yish riski paydo bo‘ladi. Muddatidan avval xalqaro futboldan ketish yoki turli jarohatlar o‘ylab topishning zamirida ham shu holat yotadi.
To‘g‘ri, terma jamoaning nufuzli turnirlarning final bosqichiga chiqishi, saralash o‘yinlarining muhimligi ham bir tomon, lekin masalan, Germaniyaning Qozog‘iston bilan, Fransiyaning Andorra bilan ikki martalab o‘ynashi va bu o‘yinlarda barcha yulduzlar ishtirok etishga majbur qilinishi rostan ham mantiqsiz. Bu o‘yinlar nafaqat klublar va futbolchilar uchun, balki UYeFA va federatsiyalar uchun ham samarasiz bo‘lib qoldi, qiziqish pasaydi. Milliy chempionatlar dam olib, terma jamoalar o‘rtasida saralash va o‘rtoqlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan kunlar go‘yoki futbol tanaffusga chiqqandek tuyulishi, o‘nta guruhdan nari borsa 2-3 e'tiborga arzirli o‘yinning bo‘lishi UYeFA rahbarlarini ham tashvishga solmay qolmasdi, albatta.
Natijada, biz quyida hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan yangi turnirga, yangi formatga ehtiyoj sezildi.
QANDAY FORMATDA O‘TKAZILADI?
UYeFA Millatlar Ligasi sentabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi. Yevropa terma jamoalari A, V, S, D ligalariga ajratilgan. Ligalar reyting asosida tuziladi. Reyting JCh-2018 saralashi yakunlari bo‘yicha hosil bo‘lgan davrdan olinadi. Turnir har ikki yilda, final qismi toq yillarda o‘tkaziladigan tarzda tashkil qilinadi.
















